O‘zbekiston | 21:20 / 09.03.2020
16273
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev turklarning Ronesans Holding kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga 8 mlrd dollar investitsiya kiritishni rejalashtirgan Turkiyaning Ronesans Holding kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 mart, dushanba kuni, Turkiyaning yetakchi injiniring va qurilish kompaniyasi hisoblanadigan Ronesans Holding prezidenti Erman Ilijak boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu uchrashuv 2020 yil fevral oyida Anqarada o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston—Turkiya muzokaralarining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Bugungi kunda Ronesans Holding kompaniyasi O‘zbekistonda umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Xususan, Toshkent viloyatining yetakchi metallurgiya korxonalari negizida zamonaviy obektlar — loyihaviy quvvati yiliga 60 million tonna bo‘lgan mis boyitish fabrikasi va quvvati 1 million tonnagacha bo‘lgan metall prokati ishlab chiqarish majmuasini barpo etish loyihalari tayyorlanmoqda.

Uchrashuvda ushbu loyihalar doirasidagi amaliy ishlarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Turkiya kompaniyasining Toshkent, Samarqand va Farg‘onada ilg‘or xalqaro tajriba va texnologiyalarni jalb qilgan holda ko‘p tarmoqli shifoxonalar tashkil etish borasidagi loyihaviy takliflari taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur loyihalar davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshiriladi, shuningdek, turkiyalik sheriklar shifoxonalarni boshqarish va yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Bundan tashqari, muhim ijtimoiy obektlarni rekonstruksiya qilishda injiniring, loyihalashtirish va qurilish sohalarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 19-20 fevral kunlari Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida Ronesans Holding bilan «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga 630 million yevro, Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish, shuningdek, shifoxonalar va savdo markazlarini qurish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishilgandi.

Ronesans Holding qanday kompaniya?

1993 yilda Sankt-Peterburgda tashkil etilgan Ronesans Holding ayni kunlarda dunyoning 28 mamlakatida bosh pudratchi va investor sifatida faoliyat yuritmoqda. Holding qurilish, ko‘chmas mulkni rivojlantirish, energetika, sanoat obektlari va sog‘liqni saqlash sohalarida ishlaydi. Ronesans Holding dunyodagi eng yirik pudratchi kompaniyalarning ENR ro‘yxatida 33-o‘rinni egallaydi. U Yevropadagi to‘qqizinchi raqamli eng yirik pudratchi kompaniyadir. 2018 yil yakuni bo‘yicha 4,9 milliard dollar global aylanma va 8,4 milliard dollar aktiv hajmiga ega bo‘lgan holdingning maqsadi istiqbolda o‘rta muddatli qurilish sektorida dunyoning eng katta 10 kompaniyasidan biriga aylanishdir.

2016 yilda 215 million dollarlik investitsiya bilan Jahon banki guruhi a'zosi Xalqaro moliya korporatsiyasining (IFC) hamkori bo‘lgan Ronesans Holding og‘ir sanoat obektlari, infratuzilma loyihalari, ishlab chiqarish sanoat korxonalari, kimyoviy va farmatsevtika ishlab chiqarish obektlari, oziq-ovqat va ichimliklarni qayta ishlash zavodlari, avtomobil va mashinasozlik fabrikalari, hukumat binolari, sog‘lomlashtirish majmualari va elektr stansiyalaridan tashqari, savdo markazlari, ofislar, mehmonxonalar, turar joylar va aralash tuzilmalar qurish bilan shug‘ullanadi.

Mavzuga oid