O‘zbekiston | 10:25 / 11.03.2020
5513
6 daqiqa o‘qiladi

Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi tartibi ma'lum bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Foto: Mixail Kireyev

Hujjat bilan Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi to‘g‘risidagi nizom, “Startap” loyihalarni tanlab olish va moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, davlat buyurtmasi tematik ilmiy-tadqiqot loyihalari, maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalari hamda ilmiy faoliyat sub'yektlarining tashabbuslari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari asosida shakllantiriladi.

Davlat buyurtmasini shakllantirish va amalga oshirish uchun mas'uliyat Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuklanadi.

Fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni bajarish uchun davlat buyurtmasi Buyurtmachi bilan ilmiy-tadqiqot loyihalarining ijrochi tashkiloti o‘rtasida shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.

Davlat buyurtmasi mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rivojlantirish vazifalari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning ehtiyojlarini hisobga olgan holda, fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun shakllantiriladi.

Davlat buyurtmasi bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar yo‘nalishlari, tematikalari va moliyalashtirish hajmlari Buyurtmachi tomonidan shakllantiriladi va ilmiy-tadqiqot loyihalarini belgilangan tartibda tanlovdan tashqari (alternativ loyiha takliflari mavjud bo‘lmaganda) yoki tanlov asosida (alternativ loyiha takliflari ichidan) saralab olish uchun asos bo‘ladi.

Buyurtmachi davlat buyurtmasini bajarish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovini belgilangan talablar asosida e'lon qiladi.

E'lonlar Buyurtmachining rasmiy veb-saytiga arizalarni shakllantirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va topshirish tartibi, muddati va talablari ko‘rsatilgan holda joylashtiriladi.

Fundamental ilmiy-tadqiqot loyihalari quyidagi talablarga javob berishi lozim:

tabiat, jamiyat, inson, ong va sun'iy ravishda yaratilgan obektlarning tuzilishi, faoliyati va rivojlanishining asosiy qonuniyatlarini ochishga qaratilgan yangi bilimlarni egallash;

ilm-fanning muayyan sohasidagi tadqiqotlar natijalarini nazariyalar, tushunchalar, metodologiyalar, usullar, tavsiyalar shaklida qo‘llash maqsadida tadqiq etish;

ilm-fan nazariyasi va metodologiyasini boyitishga, kelgusida bajariladigan amaliy tadqiqotlar hamda ularni amaliy qo‘llashga qaratilgan innovatsiya ishlari uchun asos sifatida xizmat qilish.

Fundamental loyihalarni amalga oshirishning eng ko‘p muddati besh yilgacha bo‘lishi mumkin.

Fundamental loyihalar tanlovida qatnashuvchi ilmiy jamoaning rahbari ilmiy darajaga ega bo‘lishi shart.

Amaliy ilmiy-tadqiqot loyihalari quyidagi talablarga javob berishi lozim:

ishlab chiqarish va/yoki ijtimoiy, shuningdek, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida yangi konstruksiyalar, materiallar, usullar, xizmatlarni yaratishga yoki mavjudlarini takomillashtirishga xizmat qilishi;

iqtisodiyotning real sektorini shakllantirishga ko‘maklashish, ishlab chiqarish sohasida energiya va resurslarni tejashni ta'minlash, milliy iqtisodiyot sub'yektlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning innovatsion tarkibini va qo‘shimcha qiymatini oshirish;

yuqori texnologiyali mahsulotlar namunalarini tayyorlash va/yoki ishlanmalarning texnik va texnologik sinovlarining natijalari va/yoki olingan ilmiy-texnik natijani iqtisodiyotning real sektoriga joriy qilish;

ilmiy-texnik mahsulotlar va unga ilmiy-texnik hujjatlar to‘plamini, shu jumladan loyihalash hujjatlarini va/yoki texnologik hujjatlarni tasdiqlash, laboratoriya qoidalari va/yoki texnik shartlar va pasportlar, shuningdek, ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar to‘plamini ishlab chiqish.

Amaliy loyihalarni amalga oshirishning eng ko‘p muddati uch yilgacha bo‘lishi mumkin.

Amaliy loyihalar tanlovida qatnashuvchi ilmiy jamoaning rahbari ilmiy darajaga ega bo‘lishi shart.

Innovatsion loyihalar quyidagi talablarga javob berishi zarur:

avval bajarilgan fundamental va amaliy tadqiqotlar asosida mahalliy xomashyolardan foydalangan holda import o‘rnini bosuvchi, eksportga mo‘ljallangan yangi mahsulot va texnologiyalarni yaratish, mavjudlarini sifat jihatidan takomillashtirish, tannarxini pasaytirish, mehnat bozorida yangi ish o‘rinlarini yaratishni ta'minlash;

keyinchalik ulardan amaliyotda foydalanish maqsadida amalga oshiriladigan konstruktorlik, tajriba namunalari, asboblar, materiallar, buyumlar va boshqa ilmiy ishlanmalarni loyihalash, tayyorlash va sinovdan o‘tkazish, rivojlantirish bilan bog‘liq tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish;

yuqori texnologiyaga asoslangan mahsulotlar namunalari yoki prototiplarini yaratish va/yoki tajriba-laboratoriya texnologiyasini tatbiq etish, ilmiy hajmdor mahsulotni ishlab chiqarishga tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada qo‘llash uchun yangi turdagi xizmatlarning tajriba-sinovini o‘tkazish (sog‘liqni saqlash, bank-moliya sektori va boshqalar).

Innovatsion loyihalarni amalga oshirishning eng ko‘p muddati ikki yilgacha bo‘lishi mumkin.

Innovatsion loyihalar tanlovida qatnashuvchi ilmiy jamoaning rahbari ilmiy darajaga ega bo‘lishi shart.

Ilmiy-tadqiqot loyihalariga tashkilotlardan taqdim etiladigan arizalar Buyurtmachi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilib, identifikatsiya raqami olingandan so‘ng qabul qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tish tartibi va ijrochi tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar Buyurtmachi tomonidan belgilanadi va Buyurtmachining rasmiy veb-saytida va/yoki zarur hollarda boshqa ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid