O‘zbekiston | 21:03 / 16.03.2020
20137
3 daqiqa o‘qiladi

Bog‘cha va maktablar yopildi. Ishlaydigan ota-onalarga ta'til beriladimi?

Karantin munosabati bilan bog‘cha va maktablar yopilgan taqdirda ota-onalardan biri 6 yoshgacha bo‘lgan farzandiga qarab turish uchun 14 kungacha muddatga ta'til olishi mumkin.

Bu haqda Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qildi.

«Karantin tufayli maktabgacha ta'lim muassasalari yopilishi ortidan ishlovchi ota-onalarda farzandiga kimdir qarab turishiga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Mehnat kodeksida mana shunday holatda ota yoki onaning biriga 6 yoshgacha bo‘lgan farzandi maktabgacha ta'lim muassasasiga bormayotgani munosabati bilan unga qarab turishi uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida 2 haftalik ta'til berilishi ko‘zda tutilgan.

Bunday holatda xodimning ish haqi 60-80 foizgacha miqdorda saqlanib qoladi.

Mazkur vaziyatda ish beruvchi tomonidan ota yoki onaga qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini to‘lab berishi kerak. Nafaqa miqdori xodimning ish stajidan kelib chiqib belgilanadi», – dedi Akbar Toshqulov.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, karantin davrida mehnatga layoqatsizlik varaqasi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalarining ruxsati asosida epidemiolog yoki sanitariya vrachi tomonidan berilishi mumkin.

Akbar Toshqulov

Bundan tashqari, karantin joriy qilingan vaqtda har bir ish beruvchi ishxonasida xodimlar uchun sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaratib berishga majbur.

Karantin (cheklovchi tadbirlar) sharoitida ish beruvchi:

  • ishlab chiqarish va sanitariya-maishiy binolarga, xodimlarning mehnat qilish, dam olish tartibiga doir sanitariya va gigiyena normativlariga rioya etishi;
  • yuqumli va parazitar kasalliklar manbayi bo‘lgan shaxslarni vaqtincha ishdan chetlashtirishi;
  • xodimlarning ishlab chiqarish sanitariyasi talablariga rioya etishlarini doimiy ravishda tekshirib borishi;
  • xodimga karantin e'lon qilinganda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini to‘lashi;
  • mehnatni muhofaza qilishga oid talablarni buzganlikda aybdor xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortishi;
  • xodimlarning shaxsiy himoya vositalarini olish, saqlash, dezinfeksiya qilish va zararsizlantirishni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirishi lozim.
Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid