O‘zbekiston | 19:25 / 16.03.2020
9121
4 daqiqa o‘qiladi

«Rossiyada yangi infeksiya bilan kasallanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan». TIV Rossiyadagi vatandoshlarga murojaat qildi

Foto: TASS

Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklardan vahimaga berilmaslik hamda virus bilan kasallanishning oldini olish uchun berilayotgan tavsiyalarga amal qilish so‘raldi.

“Iste'molchilar huquqlarini va inson farovonligi himoyasini nazorat qilish bo‘yicha Federal xizmat (Rospotrebnadzor) axborotiga ko‘ra, Rossiya huzuridagi koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish bo‘yicha bir necha holat qayd etilgan.

O‘zbekiston elchixonasi va Bosh konsulliklari tomonidan Rossiya Federatsiyasining vakolatli markaziy va hududiy organlari bilan aloqalar o‘rnatilgan va doimiy muloqot olib borilmoqda, koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat doimiy kuzatuv ostiga olingan. 2020 yil 16 mart holatiga ko‘ra Rossiyada yangi infeksiya bilan kasallanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Elchixona vatandoshlarimizni vahimaga berilmaslik va xotirjamlikka chorlab, yangi virus bilan kasallanishning oldini olish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilishlarini so‘raydi:

− jamoat joylari: savdo markazlari, sport va boshqa ommaviy tadbirlarga borishdan tiyilish, tig‘iz vaqtda jamoat transportidan foydalanmaslik;

− jamoat joylarida bir martalik tibbiy niqobdan (respirator) foydalanish va uni har 2-3 soatda almashtirish; 

− o‘tkir respiratorli virus infeksiyasiga (ORVI) oid sezilarli belgilar (yo‘tal, aksirish, burundan suv oqishi) bor insonlar bilan bir xonada bo‘lish va yaqin aloqada bo‘lishga yo‘l qo‘ymaslik; 

− ko‘chadan qaytganda, begona odamlar bilan muloqot qilingandan so‘ng qo‘llarni suv va sovun orqali yuvish; 

− gadjetlar, kompyuterlar va boshqa texnika, shuningdek, doimiy foydalanadigan mebellarni muntazam ravishda dezinfeksiyalash; 

− imkon darajasida qo‘l berib ko‘rishish va quchoqlashuvlardan voz kechish; 

− faqat o‘zingizniki bo‘lgan gigiyena vositalaridan foydalanish (sochiq, tish tozalash vositalari); 

− imkon darajasida ko‘z, burun va og‘izni qo‘l bilan ushlamaslik; 

− epidemiologik vaziyat yomon bo‘lgan mamlakatlarga safarga chiqishdan voz kechish; 

− Rossiya hukumatining tavsiyalarini diqqat bilan kuzatib borish va ularga amal qilish.

Tibbiyot mutaxassislarining ma'lumotlariga qaraganda, koronavirus infeksiya bilan kasallanishning asosiy belgilari tananing yuqori harorati, bosh og‘rig‘i, zaiflik, yo‘tal, nafas olishning qiyinlashuvi, mushaklarda og‘riq, ko‘ngil aynishi va qayt qilish hamda ich ketishi hisoblanadi. Kasallik bilan bog‘liq belgilar yuzaga kelgan taqdirda, zudlik bilan 103 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, tez tibbiy yordam chaqirish lozim.

Mavzuga doir qo‘shimcha axborotlarni O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi hamda Vladivostok, Yekaterinburg, Qozon, Novosibirsk, Rostov-Don va Sankt-Peterburg shaharlaridagi Bosh konsulxonalari huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlarga qo‘ng‘iroq qilib olish mumkin”, -  deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi
Operativ shtab telefonlari: +998 71 233 28 28, +998 97 136 51 51 (mobil)
Call center – 1164
Telegram: +99897 136 51 51 
TIV elektron pochtasi: [email protected]

Гулзода Иброҳимова
Tayyorlagan Гулзода Иброҳимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid