O‘zbekiston | 16:14 / 16.03.2020
12452
3 daqiqa o‘qiladi

Temir yo‘l kassalaridagi vaziyat: Talabga qarab yana qo‘shimcha reyslar qo‘yiladi

O‘zbekistonda koronavirus tufayli karantin choralari e'lon qilindi, barcha ta'lim muassasalari, shu jumladan, oliy o‘quv yurtlari ham ikki haftalik ta'tilga chiqdi.

Shu bilan bog‘liq ravishda poytaxtda tahsil oluvchi talabalar ommaviy ravishda o‘z uylariga qayta boshlashdi. 15 mart kuniyoq talabalar uchun temiryo‘l va avia chiptalarning tarif qismidan 50 foiz chegirma berilishi ma'lum qilingandi. Ayni vaqtda poytaxtdan viloyatlarga qo‘shimcha reyslar yo‘lga qo‘yilgan.

Kun.uz muxbiri bu bilan bog‘liq jarayon qay tarzda kechayotganini kuzatish maqsadida «Toshkent–Janubiy» temir yo‘l vokzalida bo‘ldi. Vokzalda temiryo‘l kassalarida katta navbatlar yuzaga kelganiga qaramay, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha chiptalar sotilmoqda.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Temiryo‘l media» xizmati rahbari Fozil Sharipov qo‘shimcha reyslar tashkil etilishi va chipta xaridi uchun qulayliklar bo‘yicha ma'lumot berdi.

Fozil Sharipov

«16 mart kuni qo‘shimcha beshta yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Mahalliy yo‘nalishlarda 12 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati bor. Termizga, shuningdek, Buxoro orqali Urganchga qatnov qo‘yilgan.

Qo‘shimcha qulayliklar ham yaratiladi. Talabalar vokzalga kelib o‘tirmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri talabalar shaharchasida tashkil etilgan kassada chipta olishlari mumkin. Ikkita chiptaxona tashkil etilgan. Mobil ilovalar orqali ham chipta olishlari mumkin. Sariqko‘l ko‘chasida ham ikkita temiryo‘l kassasi ishlamoqda.

Janubiy va Shimoliy vokzaldagi kassalar tun-u kun ishlamoqda. 16 mart kuni kechasi soat 12dan 10 daqiqa o‘tganda Urganch poyezdi jo‘nab ketdi. Bu zudlik bilan qo‘yilgan poyezd edi. Ertalab soat 9:30da ham Termizga bir poyezd jo‘nadi. Kun davomida Toshkentdan Urganchga va yana ikkita yo‘nalishda poyezdlar jo‘nashi rejalashtirilgan», deydi u.

Mutasaddisining aytishicha, chiptalar uchun belgilangan chegirmalarga muddat bo‘yicha cheklov qo‘yilmagan.

«Hozirgi kunda chegirmalarning amal qilish muddati cheklanmagan. 16 martdan boshlab, oxirgi talabaning uy manziliga yetib olguncha chegirmalar amal qiladi. Tirbandlikning oldini olish maqsadida qo‘shimcha chiptaxonalar ochilishi bilan birga talabdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha reyslar ham qo‘yib boriladi. Talabalar shaharchasidagi sayyor chiptaxonalar soni ham oshiriladi.

Shaharalararo qatnovchi poyezdlar bugundan boshlab qatnovini vaqtinchalik to‘xtatadi. Bu cheklov hozircha 5 aprel kunigacha belgilangan. Qatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi haqida yana xabarlar beriladi», dedi Fozil Sharipov.

Раҳматилла Исроилов
Tayyorlagan Раҳматилла Исроилов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid