Iqtisodiyot | 14:53 / 17.03.2020
9532
3 daqiqa o‘qiladi

Birja savdolariga qo‘yilgan unning 99,6 foizi sotildi

Birja savdolariga 6 955 tonna bug‘doy unining 1-navi qo‘yildi va undan 6 928,7 tonnasi, ya'ni 99,6 foizi sotildi 

Foto: Shutterstock

16 mart kuni "O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi" AJ ochiq birja savdolari orqali jami 209,7 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi, bu avvalgi savdo kuniga nisbatan 1,3 foizga kam.

Birja savdolariga 6 955 tonna bug‘doy unining 1-navi qo‘yildi va undan 6 928,7 tonnasi, ya'ni 99,6 foizi sotildi. Savdolarda 42 ta sotuvchi korxonalar va 1 240 ta xaridorlar erkin tarzda ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan birja savdo yakunlariga ko‘ra unning 1-navi bo‘yicha birjada shakllangan narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 2,5 mln so‘mni tashkil etdi. Unning minimal narxi Toshkent viloyatida – 2,3 mln so‘m, maksimal darajasi esa Samarqand viloyatida – 2,7 mln so‘m atrofida qayd etildi. Narxlardagi tafovutlar birja shartnomalarning tasniflari, jumladan yetkazib berish shartlari va tovar xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘ldi.

Birjaning shakar bozorida joriy yilning boshidan buyon o‘rnatilgan o‘zgarishsiz holat saqlanmoqda. 16 martda jami 2 000 tonna shakar birja savdolariga qo‘yildi va ulardan 497,0 tonnasi, ya'ni 24,8 foizi sotildi. Sotilgan mahsulotning umumiy qiymati 2,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Taklif darajasi yuqori bo‘lganligi sababli shakarning narxi avvalgi kunga nisbatan deyarli o‘zgarmadi va boshlang‘ich narx darajasida qayd etildi. Xususan, shakar bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi tovarning bir tonnasi uchun 5,3 mln so‘mni, uning boshlang‘ich narxi esa – 5,3 mln so‘mni tashkil etdi.

Shunga o‘xshash holatlar birjaning paxta yog‘i bozorida ham kuzatildi. 16 mart savdo natijalariga ko‘ra 986,6 tonna paxta yog‘i birja savdolariga qo‘yildi va ulardan 458,0 tonnasi, ya'ni 46,4 foizi sotildi. Ochiq birja savdolarida 950 dan ziyod xaridorlar ishtirok etishdi. Paxta yog‘ining o‘rtacha narxi mahsulotning boshlang‘ich narxiga nisbatan 0,7 foizga o‘sib, bir tonnasi uchun – 9,1 mln so‘mni tashkil etdi.

Mavzuga oid