O‘zbekiston | 23:51 / 19.03.2020
131717
9 daqiqa o‘qiladi

Virus kirib kelishi, Xitoydan kutilayotgan yordam va karantin sharoitlari. Ekspert bilan suhbat

«Nemis olimlarining koronavirus ikki yil davomida tarqalishi bo‘yicha taxmini to‘g‘rimi? Nega karantindagilardan telefon olib qo‘yiladi? Isiriq yuqumli kasalliklarga qarshi foyda beradimi va uning briketlari ixtirochisi kim? Bemorlar davolanayotgan shifoxonalarning o‘zi virus o‘chog‘iga aylanib qolmaydimi?..»

Bugungi suhbatdoshimiz bu va bu kabi savollarga javob berish bo‘yicha eng vakolatli shaxs – Vazirlar mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov.

Nurmat Otabekov

– Nurmat Satiniyazovich, kech bo‘lishiga qaramay tahririyatga kelganingiz uchun tashakkur. Lekin tungi tashrifingiz sababi tushunarli, hozirgina davlat rahbari boshchiligida asosan koronavirusga qarshi kurashga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishidan kelyapsiz (suhbat 18 mart soat 21.00 da yozib olingan).

– Chindan ham, hozirgina yig‘ilishdan kelyapman. Shuncha yillik tajribam davomida davlat rahbarining biror yuqumli kasallikka bu qadar jiddiy e'tibor berganini ko‘rmaganman. Bugungi selektor vaqtining taxminan yetmish foizi aynan shu masalaga qaratildi. Prezident har bir jihatga olgan holda aniq chora tadbirlarni belgilab berdi.

Ming afsuski, shuncha ehtiyot choralari ko‘rilishiga qaramay bu kasallik avj olganidan 4 oy o‘tib, O‘zbekiston hududida ham qayd etildi.

– Koronavirus O‘zbekistonda tarqalishi bo‘yicha prognozlar ishlab chiqilyaptimi, kasallikning yana tarqalishiga qay darajada tayyormiz?

– Har qanday yuqumli kasallik, epidemik jarayon uchta bo‘g‘inga asoslanadi: manba, ya'ni kasallik o‘chog‘i, yuqtirish yo‘li va yuquvchi odam kabi zanjirlar bo‘lgandagina epidemiya tusini oladi. O‘zbekiston respublikasiga virus kirib kelishining oldini olish bo‘yicha shuncha chora-tadbirlar qo‘llanishiga qaramay kirib kelganining sababi - bu kasallikning yashirin davri 14 kungacha.

Biz chetdan kirib keluvchilarning barchasini karantinga ololmaymiz va bunday tajriba jahonda yo‘q. Misol uchun, karantin e'lon qilinganidan keyin ham, charter reyslar, poyezdlar va avtomobillar orqali yurtimizga 25 mingga yaqin kishi kirib kelgan. Tabiiyki, buncha odamni 14 kun davomida karantinda saqlash noto‘g‘ri bo‘ladi. Shu bois, epidemik noxush hududdan kelayotganlarga alohida e'tibor berilgan holda hamma teplovizorlar orqali tekshiruvdan o‘tkaziladi. Shubha qilinganlar to‘liq tekshiriladi.

– Mushtariylardan kelgan savol o‘rinli: bemor deb nazoratga olingan fuqarolar izolyatsiya qilingan joylar - muassasalarda ahvol qanday? Bu joylarda kasallik shifokorlar orqali odamlarga yuqmasmikan?

– Bemor o‘z nomi bilan bemor, shifokor o‘z nomi bilan shifokor. Agar shifokor o‘z sog‘ligidan qo‘rqib, davolashdan bosh torsa javobgarlikka tortilishi mumkin. Shifokorlar har qancha himoyalanmasinlar, kam miqdorda virus yuqishi mumkin. Buning ortidan ularda immunitet hosil bo‘ladi. Men Xitoyning o‘sha kasallik o‘chog‘i bo‘lgan Uhan shahrida bo‘lganman. 10 milliondan ortiq odam yashagan u shaharda virusologiya tadqiqoti bilan shug‘ullanuvchi juda yirik ilmiy markaz mavjud va biz ular bilan memorandum ham imzolaganmiz. Ana shu shaharda ishlagan yoki yashaganlarda immunitet hosil bo‘ldi va aytish mumkinki, ayni shu shtamm endi ularda kasallik chaqirmaydi.

– Xitoylik shifokorlarning yurtimizga kelishi g‘oyasi amalga oshyaptimi?

– Bu masalaga bevosita prezidentimiz e'tibor qaratgan. Bosh vazirimiz muzokaralar olib borgan. Maxsus samolyotda xitoylik mutaxassislar olib kelinib, bizdagi davolanish usullarini ko‘rib chiqish, bamaslahat keyingi choralar rejasini tuzish mo‘ljallangan.

– Kasallik tarqalishi bo‘yicha tadqiqot olib borgan nemis mutaxassislari bu virus yana 2 yil davomida tarqala borishini taxmin qilishdi. Koronavirusga qarshi vaksinani yaratish va ommaviy qo‘llash uchun ham 2 yil vaqt kerakligi hisoblab chiqilgan. Bu ma'lumotlar tibbiyotning bu sinov oldida butunlay ojizligini bildirmaydimi?

– Bilasizmi, mana shunday murakkab vaziyatlarda turli bashoratchilar ham ko‘payib qoladi. Nemis olimlarining iqtidoriga shubha qilmagan holda ilmiy salohiyati ulardan kam bo‘lmagan boshqa davlat olimlarining xulosalarini sizga aytmoqchiman – bu virus aprel-may oylaridayoq yengiladi va insoniyat bu darddan forig‘ bo‘ladi.

O‘rni kelganda sizga bir ma'lumotni aytmoqchiman – har yili Germaniyada gripp kasalligidan 25 mingdan ortiq odam nobud bo‘ladi. Holbuki, bu davlatdagi koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi 1 foizdan sal ortiqroq. Yevropadagi eng ko‘p o‘lim ko‘rsatkichi Italiyada ekanligining ham sabablari aniq – bu davlat aholisi orasida keksalar juda ko‘p. Bu kasallik asosan keksalarda og‘ir kechayotganini hisobga olsak hammasi ravshan bo‘ladi. COVID-19 har qancha shov-shuvlarga sabab bo‘lmasin, 80 foiz hollarda juda yengil va hatto umuman simptomlarsiz kechadi. 15 foiz hollarda yengil, faqat taxminan 5 foizda og‘ir kechadi. Shu 5 foizning ham 90 foizi keksalardir.

O‘ylaymanki, tez orada bu ham oddiy kasallikka, ya'ni organizmimiz o‘rgangan shtammlardan biriga aylanadi va bizga vaksina ham zarur bo‘lmaydi.   

– Umuman, bemor bilan kontaktda bo‘lganlarni aniqlashda epidemiologik surishtiruv shartlarini tushuntirib bersangiz. Bunga ichki ishlar ham jalb qilinishi mumkinmi?

– Har qanday kasallik surishtiruvdan boshlanadi va kasallik tarixida yuqumli jihatlarga alohida band ajratiladi. Shifokor-epidemiolog kimdan bu kasallik yuqishi mumkinligini surishtiradi, zarur ma'lumotlarni yig‘adi, kontaktda bo‘lganlarni nazoratga oladi. Faqat boshqalarga kasallik yuqtirishi mumkin bo‘lganlar nazoratdan yoki karantindan bo‘yin tovlasa, ichki ishlar va huquqni muhofaza qilish organlari vakillari jalb qilinadi.

– Karantinga olinganlarning telefonlari olib qo‘yilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar qanchalik asosli?

– Birortamiz har qancha o‘qimishli bo‘lmaylik, biror kitobni telefonchalik ko‘p qo‘limizga olmaymiz. Zamonamizning bu qurilmasi tanamiz a'zosiga aylanib ketdi go‘yo. Lekin telefon orqali kasallik yuqish xavfi juda yuqori va uni ko‘pchilik qo‘lma-qo‘l qilishga o‘rganib qolgan. Shu bois bu chora asosli. Ammo shunday qilingan taqdirda ham karantindagilarning tashqi olam bilan muloqot qilishlari cheklab qo‘yilmagan, ular uchun maxsus videotelefonlar taqdim etilgan.

– Kasallikning murakkab jihati, uning aniq davolash taktikasi yo‘q. O‘zbekiston qaysi usulni qo‘llamoqda?

– Shu paytga qadar 82 ming odam davolanib chiqdi. Biz mana shu tajribani olishimiz kerak va hali rasman tasdiqlanmagan bo‘lsada, aniqlash, davolash va odamlar orasiga qaytarishda JSSTning davolash algoritmidan foydalanamiz.

– Domla, mushtariylarga oddiy gigiyena qoidalari, to‘g‘ri ovqatlanish, turli tavsiyalarning qay biriga amal qilishni yana bir bor eslatib o‘tsangiz.

– Biz oddiy gigiyena qoidalari – qo‘lni sovunlab yuvish, og‘iz chayib turish, tishlarni yuvib yurishni unutayozdik. Mana shu sinov bahona yana bir eslab olyapmiz. Qo‘l berib ko‘rishish o‘rniga qadriyatlarimizga xos tarzda qo‘lni ko‘ksimizga qo‘yib so‘rashishni yodga oldik.

Shu kunlarda turli-tuman tavsiyalar ko‘paydi. Kimdir sirka kislotani suvga aralashtirib og‘iz chayishni, kimdir sarimsoq yeyishni tavsiya qildi. Men ularga shu tavsiyalarni o‘zlari sinab ko‘rishlarini «maslahat berardim». Sirkali suv og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq qavatini yemirib, aksincha virusga yo‘l ochadi.

Shu o‘rinda isiriq bo‘yicha bir narsa aytib bersam. Men hozir dorixonalarda sotilayotgan isiriq briketlari ixtirochilaridan biriman va bundan juda faxrlanaman. Sobiq ittifoq davrida bu vosita bo‘yicha 13 mingdan ortiq sinovlar o‘tkazganmiz va foydali, yangi dezinfeksiya vositasi deya tan olinib, mualliflik guvohnomasini ham qo‘lga kiritganmiz. 

– Domla, mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. O‘ylaymanki, keyingi suhbatimizda kasallikka qarshi samarali davo usullari qo‘llanilayotgani, koronavirus yengilgani haqida gaplashamiz.

– Men prezidentimiz so‘zlarini aytmoqchiman. Biz hozir imtihon davridamiz. Mana shunday paytda profilaktika qoidalariga amal qilsak, kattalar yoshlarga o‘rnak bo‘lsak, nafaqat bu kasallik, boshqa ko‘plab kasalliklarni ham yengib o‘tamiz.

 

Abror Zohidov suhbatlashdi, tasvirchi Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid