Jahon | 07:41 / 22.03.2020
11726
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya yangi boshqariluvchi raketalarni sinovdan o‘tkazdi

Shimoliy Koreya 21 mart kuni Pxyonan-Pukto provinsiyasidagi Sonchxon okrugidan 2 ta snaryad uchirdi. Ta'kidlanishicha, bu yangi taktik boshqariluvchi raketalar sinovi bo‘lib, unda mamlakat yetakchisi Kim Chen In ishtirok etgan.

Foto: KCNA

Janubiy koreyalik harbiylarning taxminicha, raketalar kichik masofalarga mo‘ljallangan bo‘lgan va 410 kmga yaqin masofani 50 km balandlikda uchib o‘tgan. 

Bu Shimoliy Koreyaning 2020 yildagi uchinchi raketa sinovidir, avvalgi sinovlar 2 va 9 mart kunlari o‘tkazilgan.

Sinovlarda Kim Chen In bilan birga partiya rahbarlari, bosh shtab boshlig‘i - general Pak Chon Chxon va harbiy qo‘mondonlar ishtirok etgan. 

Ma'lum qilinishicha, Kim Chen In Shimoliy Koreyada yaqinda ishlab chiqilgan yangi qurollar “partiyaning strategik maqsadi – “mamlakat mudofa strategiyasidagi muhim o‘zgarishlar”ni amalga oshirishda hal qiluvchi hissa qo‘shishini” ta'kidlab o‘tgan.

Shuningdek, Kim Chen In 20 mart kuni yirik artilleriya bo‘linmalarining merganlik bo‘yicha musobaqalariga rahbarlik qilgan. 

Bu orada Janubiy Koreya shtablari boshliqlari birlashgan qo‘mitasi koronavirus epidemiyasi vaqtida raketa sinovlari o‘tkazishga qaror qilgan Shimoliy Koreyaning ushbu “noo‘rin” harakatlarini qoralagan va “darhol ularni to‘xtatishni” talab qilgan.    

Mavzuga oid