«El-yurt umidi» jamg‘armasi qoshida xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikda Xalqaro ekspertlar guruhi tuzildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan «xalqaro maydonga ochiq eshiklar» siyosatining muhim natijalaridan biri – xorijda istiqomat qilayotgan, boy ilmiy-amaliy tajribaga ega bo‘lgan vatandoshlarimizning mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarda tobora faol ishtirok etayotganliklari hisoblanadi.
Joriy yilning 14 martida «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan, zamonaviy bilim va boy professional tajribaga ega bo‘lgan PhD darajali iqtidorli olim va ekspert-vatandoshlar bilan qariyb 3 soatli videokonferensiya tashkil etildi. O‘zaro samimiy va Vatanga intiqlik ruhida o‘tgan ushbu videomuloqotda AQSh, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan jami 12 nafar vatandoshlar olimlar va ekspertlar ishtirok etdilar.
Mazkur muloqotdan maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi»ni amalga oshirishda xorijda istiqomat qilayotgan va turli universitetlar va yirik kompaniyalarda faoliyat olib borayotgan vatandoshlarning beg‘araz ko‘magidan foydalanishni tashkil etishdan iborat edi.
Videomuloqotda Jamg‘arma xodimlari bilan birga jami 20 kishi jumladan, 6 nafar AQShdan: Arobiddin To‘ra, Akmal Mirsadikov, Nuriddin Ikromov, Zafarbek Rustamov, Mamurjon Azimov, Elzotbek Rustambekov, 1 nafar Kanadadan: Voxidjon O‘rinov, 2 nafar Avstraliyadan: Jahongir Qahhorov, Bekzodbek Abdullayev, 3 nafar Janubiy Koreyadan: Iskandar Yuldashev, Nurmuxammad Yusupov, Otabek Jo‘rayevlar qatnashdilar.
Videomuloqot davomida hamkorlik masalalari, xususan aksariyat vatandoshlar xorijiy universitetlarda faoliyat olib borayotganliklaridan kelib chiqib, kelgusida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan mavjud bilim, malaka va tajribalarini yuqorida qayd etilgan Konsepsiyani amalga oshirishga beg‘araz ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Shuningdek, muloqot davomida «El-yurt umidi» jamg‘armasi huzurida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida «Xalqaro ekspertlar kengashi» ni tashkil etishga kelishib olindi. Xalqaro ekspertlar kengashining asosiy vazifalari aks etgan memorandum loyihasi tayyorlangan bo‘lib, uni yaqin kunlarda imzolash va amalga oshirishni boshlash yuzasidan kelishib olindi.
Muloqot davomida vatandoshlarimiz tomonidan eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi xalqaro imidjini oshirish, oliy ta'lim muassasalari faoliyatiga oid aniq bir yo‘nalishlarda takliflar tayyorlash, ushbu takliflarni oliy ta'lim muassasalarida amaliyotda keng qo‘llash mexanizmlarini ishlab chiqish, aniq bir oliy ta'lim muassasasini tanlab olish va unda loyiha-sinov asosida tegishli takliflarni joriy etish, oliy ta'limga oid me'yoriy-xuquqiy hujjatlarning xalqaro ekspertizasini tashkil etish va boshqa shu kabi masalalar muhokama etildi.
Videomuloqot davomida vatandoshlarimizga O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, konsepsiya maqsadli ko‘rsatkichlari to‘g‘risida batafsil ma'lumotlar berildi. Videomuloqot ochiq samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi, shuningdek, muloqot onlayn yozib olindi va Jamg‘arma ijtimoiy tarmoqlarida ma'lumotlar berib borilmoqda.
Muloqot yakunida xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan katta ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlar O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan dunyoga ochiqlik siyosati, jumladan, tashkil etilgan videomuloqot uchun katta minnatdorchilik bildirdilar.
Videomuloqot kamida ikki haftada bir marotaba bo‘lib o‘tishiga kelishildi va navbatdagi videomuloqot 2020 yil 28 mart kuni bo‘lib o‘tishi, unda muhokama mavzusi sifatida 2020 yil 1 yanvardan o‘z-o‘zini moliyaviy boshqarishga o‘tgan oliy ta'lim muassasalari faoliyatini xorijiy davlatlar tajribasi asosida takomillashtirish mavzusi muhokama etiladi.
Yaqin kelajakda Xalqaro ekspertlar kengashiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Belgiya, Daniya, Rossiya va boshqa rivojlangan mamlakatlarda oliy ta'lim tizimi, ilmiy-tadqiqot muassasalari va yetakchi kompaniyalarida faoliyat olib borayotgan vatandosh olimlarimiz va ekspertlarning a'zo bo‘lib kirishi kutilmoqda.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi
Matbuot xizmati
Mavzuga oid
14:15 / 28.07.2024
“Xalq oldida hisobdormiz, ta’limga qilingan investitsiya o‘zini oqlaydi” – “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan suhbat
13:50 / 05.02.2024
“El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident Administratsiyasi huzuriga o‘tkaziladi
19:24 / 13.07.2023
Kutayotgan yuzlab yoshlar – “El-yurt umidi” javoblari nega bir oydan beri e’lon qilinmayapti?
13:56 / 12.08.2022