O‘zbekiston | 13:10 / 26.03.2020
24222
2 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida bir qator ijro harakatlari keyinga qoldiriladi - MIB

Respublikadagi mavjud epidemiologik holat - karantin davrida Majburiy ijro byurosi tomonidan qaysi ijro harakatlari vaqtincha amalga oshirilmasligi ma'lum qilindi

Shavkat Haydarov / Foto: KUN.UZ

Majburiy ijro byurosi direktori o‘rinbosari Shavkat Haydarovga ko‘ra, karantin davrida bir qator ijro harakatlari keyinga qoldiriladi. U bu haqida onlayn brifingda to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Bugungi karantin davrida davlat ijrochilariga quyidagi majburiy ijro etish choralarini qo‘llanishini hamda faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha ijro harakatlari amalga oshirilishini keyingi qoldirish tavsiya etilmoqda:

- undiruvni turar joylardagi (yashash xonadonidagi) mol-mulkiga qaratish, shu maqsadda ularni xatlash va olib qo‘yish;
- ijro hujjatida ko‘rsatilgan muayyan ashyolarni qarzdor jismoniy shaxsdan olib qo‘yish va undiruvchiga topshirish;
- qarzdorni ko‘chirib chiqarish;
- undiruvchini ko‘chirib kiritish;
- yer uchastkasini olib qo‘yish va o‘tkazish;
- imorat (qurilma)ni buzib tashlash;
- bolani olib berish va topshirish”, dedi Shavkat Haydarov.

Ma'lum qilinishicha, davlat ijrochilariga yuqoridagi ijro harakatlarini faqat kechiktirib bo‘lmaydigan hollardagina karantin qoidalariga qat'iy rioya qilib, hududiy boshqarma boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkinligi tushuntirilmoqda.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid