Jahon | 21:37 / 27.03.2020
40225
3 daqiqa o‘qiladi

Eronda «koronavirusdan davo» sifatida metil spirti qabul qilishdan 300dan ko‘proq odam vafot etdi

Eronda koronavirusning oldini olish va undan davo maqsadida metanol qabul qilgan 300dan ko‘proq kishi vafot etdi va mingdan ko‘proq kishi zaharlandi.

Foto: AFP

Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar berdi.    

Eronda ijtimoiy tarmoqlarda ishlab chiqarish spirti – metanol koronavirusning oldini olishi va hattoki unga chalingan bemorlarni tuzatishi haqida yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Jumladan bunday yolg‘on xabarlar Britaniyaning Daily Mail nashri xabariga asoslangan holda tarqatilgan. Xabarda bir o‘qituvchi va yana bir necha kishi koronavirusdan “viski va asal” yordamida tuzalib ketgani haqida ma'lum qilingan. 
 
Shu sababli ko‘plab eronliklar virusni yengish umidida tarkibida metanol bo‘lgan kimyoviy vositalar – antifriz, suyultirgich (rastvoritel) va avtomobil yonilg‘isi qabul qila boshlashgan. Bu esa yuzlab qurbonlarga va minglab odamlarning sog‘lig‘iga turli darajada zarar yetishiga olib kelgan. Shuningdek, yuzlab odamlar ko‘r bo‘lib qolgan. 

Ta'kidlanishicha, alkogolga talab oshgani ortida mahalliy “samogonchilar” o‘ta zaharli metanol sotishmoqda.

 “Metanolning koronavirusga qarshi samaradorligi haqidagi yolg‘on xabarning tarqatilishi Eron fuqarolariga koronavirus yetkazayotgan ziyon kabi zarar yetkazmoqda”, deb aytgan toksikolog shifokor Erik Xovda.

Mutaxassis ayni vaqtda koronavirusdan dori yo‘qligini eslatib o‘tgan.

10 ml metanolning (metil spirti) ichga qabul qilinishi og‘ir zaharlanishga, 80-150 ml esa o‘limga olib keladi. Zaharlanish bir necha soat ichida avj oladi.

Metanoldan zaharlanishning eng yengil shakli bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynash va qayt qilish bilan kechadi. Organizmda metanol zaharli birikma - formaldegidgacha oksidlanadi. Metil spirti hid va ta'm bo‘yicha iste'mol uchun qo‘llanadigan etil spirtidan farq qilmaydi. Undan zaharlanishda antidot sifatida etil spirti qo‘llanadi.
 
Ayni vaqtda Eronda koronavirusga chalinganlar soni 32 mingdan oshib ketdi, undan vafot etganlar soni 3 mingga yaqinlashib qolgan. Eron Yaqin Sharq mintaqasida koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekayotgan davlat bo‘lmoqda. 

Mavzuga oid