Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi hayratlanarli darajada past. Buning sababi nimada?
Germaniya koronavirus bemorlari eng ko‘p beshta mamlakat qatorida turibdi. Ammo o‘lim ko‘rsatkichi – 0,5 foiz.
27 mart holatiga ko‘ra, Germaniyada 47 mingdan ortiq kishi kasallikka chalingan, ammo o‘rtacha o‘lim ko‘rsatkichi atigi 0,5 foizni tashkil etmoqda.
Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich Italiyada – 10,1, Ispaniyada – 7,5, Eronda – 7,3 foizga teng.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu holatga aniq izoh bera olmadi.
«Bunga javob yo‘q, – dedi JSST xodimi Richard Pibodi. – Aftidan, bunga bir necha omillar ta'sir ko‘rsatmoqda».
Buning ehtimoliy sabablari nima? Mutaxassislarning fikri quyidagicha.
1. Sifatli tibbiyot
Germaniya sog‘liqni saqlash tizimi holati qo‘shni mamlakatlarnikiga nisbatan ancha yaxshi. Intensiv terapiya bo‘limlari 25 mingta koykaga mo‘ljallangan bo‘lsa, bu raqam Fransiyada – 7000, Italiyada – 5000, Britaniyada esa 4000dan sal ortiqroqni tashkil etadi.
Bu – bemorlarning yashab qolish imkoniyatini oshiradi.
Italiya va Fransiyadagi kabi kasalxonalar to‘lib ketishining oldini olish uchun GFR hukumati intensiv terapiya bo‘limlaridagi koykalar sonini ikki baravarga oshirishini e'lon qildi.
Mehmonxonalar va yirik jamoat binolari yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi bemorlar davolanadigan kasalxonalar sifatida qayta jihozlanmoqda. Bu esa shifokorlarga og‘ir kasallarni davolashga e'tibor qaratish imkonini beradi.
2. Barvaqt diagnostika
Berlindagi Charité klinikasi qoshidagi virusologiya instituti direktori Kristian Drostenning aytishicha, barvaqt diagnostika infeksiyaga qarshi kurashda katta yordam beradi.
«Biz kasallikni erta bosqichidayoq aniqlash va bemorlarni kuzatib turish bo‘yicha oldindamiz», – dedi u.
Institut tadqiqotchilari virusni aniqlaydigan testni yanvardayoq ishlab chiqib, bu borada birinchilardan bo‘lgandi.
Bundan tashqari, Germaniyada mustaqil laboratoriyalar tarmog‘i ishlamoqda. Ularning aksariyati yanvar boshida, bemorlar hali ozligida tahlillarga kirishgandi.
Laboratoriyalar ko‘pligi tufayli mamlakatda sutkasiga 12 mingta tahlil olish mumkin.
Germaniyada tekshiruvdan o‘tish nisbatan oson. Kasallik simptomi aniqlangan yoki bemor bilan muloqot qilgan yoxud kasallik tarqalgan joylardan kelgan har bir kishi tahlil topshirish huquqiga ega.
3. Bemorlarning aksariyati yosh
Dunyoning boshqa mamlakatlaridagiga solishtirganda, Germaniyadagi bemorlarning ko‘pchiligi yoshroq va sog‘lomroq.
Robert Kox nomidagi institut prezidenti Lyuter Villerning aytishicha, kasallik yuqtirganlarning 70 foizdan ortig‘i 20-50 yosh orasida.
4. Italiyaliklar boshqacha fikrda
Italiya milliy tadqiqot kengashi xodimi Jovanni Maganing taxminicha, bu yerda statistika borasida muammo bor: Germaniyada bemor kasalxonaga yotqizilmasdan uy karantinida vafot etsa, u koronavirusdan vafot etganlar statistikasiga kiritilmaydi.
Kristian Drostenning aniqlik kiritishicha, bemorlarning umumiy soni va kelgusida SARS-CoV-2 yuqtirishi mumkin bo‘lgan hamda kasallik oson kechib o‘tadiganlarning soni hisoblansa, o‘lim ko‘rsatkichi past chiqadi. Drosten bu raqamni 0,3-0,7 foiz orasida deb baholagan. Paradoks kelib chiqadi: epidemiya qanchalik keng tarqalsa, o‘lim foizi shunchalik past bo‘ladi.
Janubiy Koreya qanday qilib koronavirus epidemiyasini jilovlay oldi?
«Ochiq dengizda bitta qayiqqa tushib qoldik». Fransiya qat'iy karantinda qanday yashamoqda?
Mavzuga oid
18:50 / 29.06.2026
Porsche yangi 911 GT4 R poyga avtomobilini taqdim etdi
10:45 / 29.06.2026
Germaniya Polshaga 300 mln yevrogacha tovon to‘lashi mumkin
23:45 / 27.06.2026
Germaniyada jazirama harorat bo‘yicha yangi rekord
10:35 / 22.06.2026