O‘zbekiston | 07:38 / 27.03.2020
23194
3 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilar attestatsiyasi: Davlat inspeksiyasi Telegram'da test sotayotgan firibgarlardan ogohlantirdi

 Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi o‘qituvchilarni firibgarlar aldovidan ogoh bo‘lishga chaqirdi

Feruza Madrahimova / Foto: KUN.UZ

Ayrim Telegram-kanallarda pedagog kadrlar attestatsiyasining test savol-javoblari sotilayotgani aytilmoqda. Ba'zi o‘qituvchilar bunday firibgarliklarning aldoviga uchib, testlarni sotib olayotgani quloqqa chalinyapti.

Kun.uz muxbiri Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Axborot xizmati rahbari Feruza Madrahimovadan shu masalada izoh berishini so‘radi.

 
O‘qituvchilar attestatsiyasi: Davlat inspeksiyasi Telegram'da test sotayotgan firibgarlardan ogohlantirdi

O‘qituvchilar attestatsiyasi: Davlat inspeksiyasi Telegram'da test sotayotgan firibgarlardan ogohlantirdi 👉 https://kun.uz/90034110

Posted by Kun.uz on Thursday, March 26, 2020

«Bu – bizning eng og‘riqli masalalarimizdan biri. Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan oliy va birinchi toifali o‘qituvchi malaka sertifikatini olish uchun hujjat topshirishni istagan o‘qituvchilar doim ravishda ogohlantirib kelinadi. Telegram-kanallardagi test savol-javoblariga ishonmaslik, ularning davlat inspeksiyasiga aloqasi yo‘qligi haqida aytiladi.

Fursatdan foydalanib, o‘qituvchilarga murojaat qilmoqchiman: joriy yilning fevral-mart oylarida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan o‘qituvchilar uchun onlayn repetitsiya testlari e'lon qilindi. Bundan maqsad – o‘qituvchilar malaka imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishlarini yengillashtirish, savollar haqida tasavvur hosil qilishlari uchun imkoniyat yaratish edi.

Afsuski, eng achinarli holat, ayrim Telegram-kanallarida ayni shu savollarni sotayotgan va bu aldovga ishonayotgan o‘qituvchilar borligidir.

O‘qituvchilar o‘z bilimlariga ishonishlari darkor. Oliy toifaga ega bo‘lmoqchi o‘qituvchi, bu bilimli, tajribali va malakali o‘qituvchi bo‘ladi. Testlarga ishonib, aldanib qolganingizni anglaganingizda kech bo‘ladi.

Aksincha, mana shu karantin davrida o‘quv jarayonlarini yana bir takrorlang, ko‘zdan kechiring, darsliklarni yana bir bor qarab chiqing», – dedi Feruza Madrahimova.

Mavzuga oid