«Umumiy dushman». Isroil va Falastin koronavirusga qarshi kurashish uchun o‘zaro mojaroni chetga surdi
Umumiy tahdid Falastindagi ikki siyosiy kuch – FATH va HAMASni birlashtirdi hamda arablarni Isroil bilan vaqtinchalikka bo‘lsa ham yarashtirdi. Bu haqda Falastin davlatining Moskvadagi elchisi Abdul Hafiz Nofal “Izvestiya”ga bergan intervyusida aytdi.
Nofalning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 5 martda favqulodda holat e'lon qilingan va shuning evaziga bemorlar sonini minimal darajada saqlanib turibdi. Uning ma'lumot berishicha, Falastinda qayd etilgan 60 nafar bemorning 17 nafari to‘liq tuzalib ketgan, qolganlari davolanmoqda va ahvoli qoniqarli.
Falastindagi barcha kuchlar birlashdi
“Imkoniyatlarimiz chegaralangan, ammo qo‘limizdan kelgan barcha narsani qilmoqdamiz – shahar va qishloqlarda komendantlik soati joriy etilgan, aholiga o‘ta muhim zaruratsiz ko‘chaga chiqish taqiqlangan, infeksiya yuqtirganlikda gumon qilinganlar tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Virus Falastinga yetib kelgan birinchi kundanoq Bayt-Laxmdagi diniy qadamjolarga borishga taqiq o‘rnatdik. Hozirda mamlakatdagi muhofazalar (viloyatlar) orasida ham harakatlanish to‘xtatilgan”, deydi u.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, Falastindagi barcha kuchlar koronavirusga qarshi kurashish masalasida hamkorlik qilmoqda.
“Prezident Mahmud Abbos birinchi kundanoq G‘arbiy sohilda ham, G‘azoda ham favqulodda holat e'lon qildi. Falastinning har ikki qismi yuqori darajada hamkorlik qilmoqda, dori-darmon yetkazib berish borasida muammo yo‘q. FATH va HAMAS hech qanday partiyaviy kelishmovchiliklarsiz birgalikda harakat qilmoqda”, dedi Nofal.
Isroil-Falastin mojarosi chetga surildi
U Falastin Isroil bilan ham uzviy aloqada ekanligini qayd etdi.
“Epidemiya, kasalliklar va ularga qarshi kurash paytida o‘zaro nizo juda bilinadi. Shuning uchun Falastin va Isroil o‘rtasidagi nifoq chetga surildi. O‘tgan haftada Isroil prezidenti Reuven Rivlin Falastin prezidenti Mahmud Abbosga qo‘ng‘iroq qildi va koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikni taklif qildi. Infeksiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma shtab tuzildi. Har ikki tomonning oqilona siyosati orqaligina kasallik tarqalishini to‘xtatish mumkinligini barcha tushunib turibdi”, deydi elchi.
Koronavirusdan keyingi dunyo
Abdul Hafiz Nofal ushbu kasallik ustidan g‘alaba qozonilganidan so‘ng dunyo o‘zgacha fe'l-atvorga ega bo‘ladi, deb hisoblaydi.
“Hozirgi inqiroz bir narsani: hattoki harbiy va fuqarolik texnologiyalarida ulkan yutuqlarga erishgan Isroil va AQSh kabi davlatlar ham bu epidemiya oldida ojiz ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, butun dunyo 6-7 trln dollar zarar ko‘radi. Shuning uchun bemalol aytishim mumkin, koronavirusdan keyin jahondagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat ungacha bo‘lgan paytdagidan butkul farq qiladi. Umid qilamanki, mashhur “asr kelishuvi” va Isroilning hududimizning bir qismini egallab olish rejasi ham o‘tmishda qoladi”, dedi u.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Falastinda COVID-19 yuqtirganlar soni 60 nafarni tashkil etadi, Isroilda esa kasallanganlar soni 1,6 mingdan ziyod.
Mavzuga oid
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
19:01 / 19.11.2024
Qatar Tashqi ishlar vazirligi HAMAS yetakchilari Dohada emasligini ma’lum qildi
21:10 / 17.11.2024
Turkiya Isroil prezidentining samolyotini o‘z havo hududiga kiritmadi - OAV
20:12 / 17.11.2024