O‘zbekiston | 08:50 / 28.03.2020
2857
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroporti hududida Air-technics erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi

Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini yanada rivojlantirish, faoliyatini takomillashtirish, ularning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali va oqilona foydalanish chora-tadbirlari qabul qilinadi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini yanada rivojlantirish, faoliyatini takomillashtirish, ularning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali va oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ va “O‘zaeronavigatsiya” markazi” DUK havo kemalari parkini unifikatsiyalashtirish va yangilash, aeroportlarni va fuqaro aviatsiyasi sohasi yerusti infratuzilmalarini modernizatsiya qilish, qurish va rekonstruksiya qilishga qaratilgan qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

2023 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruv yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinadigan “Uzbekistan Airways” AJ (va uning tarkibiy bo‘linmalari), “Uzbekistan Airports” AJ (va uning tarkibiy bo‘linmalari), “O‘zaeronavigatsiya” markazi” DUK va “Humo air” MChJ tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kiriladigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan jihozlar, materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va qismlar, texnologik uskunalar va asboblar, transport vositalari va texnikalar, parvoz simulyatorlari va ularning ehtiyot qismlari ro‘yxati tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:

ro‘yxatdagi import tovarlar bo‘yicha beriladigan bojxona to‘lovlari imtiyozlari 2020 yil 1 yanvardan boshlab amal qilinadi;

fuqarolik aviatsiyasi korxonalari tomonidan qaytarish-almashtirish fondi (Pool) bo‘yicha havo kemalari ekspluatatsiyasini texnik qo‘llab-quvvatlash shartnomalari doirasida olib kirilayotgan aviatsiya-texnika uskunalari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruv yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinadi;

yangi yaratilgan aviatsiya tarmog‘i korxonalari uchun, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab, birinchi uch yil mobaynida bojxona, soliq imtiyozlari va preferensiyalar beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining Toshkent xalqaro aeroporti hududida “Uzbekistan Airways Technics” MChJ bazasida “Air-technics” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Transport vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda “Air-technics” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati shartlarini belgilaydigan qaror loyihasini kiritadi.

Davlat soliq qo‘mitasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda, ushbu qarorga muvofiq “Uzbekistan Airways” AJ (va uning tarkibiy tuzilmalari), “Uzbekistan Airports” AJ (va uning tarkibiy tuzilmalari),  “O‘zaeronavigatsiya” markazi” DUK va “Humo air” MChJ tomonidan olib kiriladigan jihozlar, materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va qismlar, texnologik uskunalar va asboblar, maxsus transport vositalari va texnikalarning maqsadli ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi.

Belgilab qo‘yilishicha, ushbu qarorga muvofiq olib kiriladigan jihozlar, materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va qismlar, texnologik uskunalar va asboblar, maxsus transport vositalari va texnikalar maqsadli foydalanilmagan taqdirda, bojxona imtiyozlaridan  berilgan bojxona to‘lovlari summasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid