Jamiyat | 12:29 / 29.03.2020
14603
2 daqiqa o‘qiladi

FVV: Hozirgacha 160ta maxsus karantin obektlari tayyorlandi

​​​​​​​AOKAda tashkil etilgan shtabda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekistonda karantin davri bilan bog‘liq raqamlar ma'lum qilindi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmat

Favqulodda vaziyatlar vazirligi respublikadagi epidemiologik holat davrida fuqarolarni karantinga olish va hududlarni dezinfeksiyalash bilan bog‘liq ma'lumotlarni taqdim etdi.

Ma'lum qilinishicha, bozorlar, savdo majmualari, markaziy ko‘chalarda, ijtimoiy soha va odamlar gavjum obektlarda — jami 100,000 kvadrat metrdan oshiq maydonda dezinfeksiyalash tadbirlari o‘tkazilgan.

Shuningdek, avtotransport vositalarini dezinfeksiya qilish uchun har bir postga xodimlar biriktirilgan bo‘lib, 107 mingdan oshiq avtotransport vositalari dezinfeksiyadan o‘tkazilgan.

«Hozirga qadar respublika shtabi tomonidan 160ta maxsus karantin obektlarini tayyorlash, 30dan ortiq charter aviareyslar hamda avtotransport chegara o‘tkazish punktlari orqali chet davlatlardan fuqarolarni olib kelish ishlari tashkil etildi», deya vazirlik bosh boshqarma boshlig‘i Davron Kambarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik rasmiysi chetdan olib kelingan fuqarolar karantinga olinishi uchun alohida tezkor tibbiy choralar ko‘riladigan jonlantirish bo‘limlari va tug‘ruqxonalar ham qurilayotganini ta'kidlab o‘tgan.

«Xususan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 10 ming kishiga mo‘ljallangan maxsus shifoxona, Yuqori Chirchiq tumanida 20 ming kishiga mo‘ljallangan qarantin bino va inshootlari, Chirchiq shahrida 1000 kishini joylashtiruvchi chodirli shaharcha barpo etish ishlari yakunlanish arafasida», deya ta'kidladi Davron Kambarov.

Mavzuga oid