Jahon | 00:20 / 30.03.2020
74568
12 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda total karantin, dunyoda zararlanish holatlari 700 mingdan oshgan. So‘nggi ma'lumotlar

Hindiston hukumati oldindan ogohlantirishlarsiz qat'iy karantin choralari qo‘llashi oqibatida millionlab odamlar oziq-ovqatsiz uyda qamalib qolishini xato deb hisoblamaydi. Hukumat 1,3 mlrd kishi uchun uch haftalik karantin haqida karantin boshlanishidan 4 soat oldin e'lon qilgandi.

Foto: Reuters

Hindistonda yer yuzi aholisining oltidan bir qismi karantinda

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Hindistonda koronavirusdan zararlanganlar soni 1024 nafarni tashkil qilmoqda. Ammo mutaxassislar haqiqiy raqamlar bundan ko‘proqligini tusmol qilishmoqda. Koronavirusni aniqlash uchun o‘tkazilgan tahlillar soni bo‘yicha Hindiston boshqa ko‘p mamlakatlardan ortda qolmoqda.

Hozircha mamlakatda Covid-19’dan o‘limning 27 holati qayd etilgan. Raqamlar kamtar ko‘rinayotgan bo‘lsada, aholi juda tig‘iz yashaydigan bu mamlakatdagi vaziyat dunyodagi eng halokatli holatga aylanishi ham mumkin.

Yangi choralar uydan chiqishni butunlay taqiqlashni nazarda tutadi. Oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan boshqa barcha binolar yopilgan.

Mamlakat poytaxtida uysizlar tekin ovqat tarqatish markazlarida to‘planmoqda, bundaylar juda ko‘p va ularga ovqat yetmayapti va tartibsizliklar yuzaga kelmoqda. Politsiya navbatga turish qoidalarini buzayotganlarni kaltaklamoqda. Qat'iy karantin e'lon qilingach, Dehli va Mumbay aholisi oziq-ovqat do‘konlarini qamal qila boshlashdi.

Mamlakat bosh vaziri Narendra Modi do‘konlarda yuzaga kelgan vahima infeksiya tarqalishi uchun sharoit yaratib berishidan ogohlantirgan. U hukumat barchani zarur oziq-ovqat va boshqa vositalar bilan ta'minlashiga ishontirmoqda.

Qat'iy karantin tufayli millionlab kishilar ishsiz va pulsiz qolishgan. Minglab kishilar katta shaharlarni tark etib, o‘z uylariga piyoda yo‘l olishgan - mamlakatda transport harakati to‘xtatilgan. Mahalliy politsiya ma'lumotiga ko‘ra, shanba kuni uyigacha 270 kilometr masofani piyoda bosib o‘tmoqchi bo‘lgan odam vafot etdi.

Bir necha shtatlar hukumatlari muhojir ishchilarga nafaqat to‘lashni va'da qilgan, ammo zarur mahsulotlarni barchaga yetkazib berish masalasi ochiq qolmoqda. Mamlakat shimolidagi Uttar-Pradesh shtatida uyidan uzoqda qolib ketganlar uchun avtobuslar ajratilgan.

  • 29 mart kungi ma'lumotlarga ko‘ra Covid-19 koronavirusdan zararlanish holatlari butun dunyoda 713 mingdan oshdi, 33,5 mingdan ortiq bemor vafot etgan, sog‘ayganlar soni 150 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda.

Nyu-York og‘ir ahvolda, lekin shahar karantinga olinmayapti

 

AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-York shtatida karantin joriy etishga «zarurat yo‘qligi»ni aytdi. Avvalroq gubernator Endryu Kuomo shtatga kirishni va shtatdan chiqishni cheklash amerikacha qadriyatlarga zid kelishi va bu absurd deb hisoblanishini aytib o‘tgandi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, butun mamlakatda karantin joriy etmaslik qarori Oq uy qoshidagi koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha operativ guruh tavsiyalariga mos keladi.

Shu bilan birgalikda, amerikaliklar yetakchisi Covid-19 tarqalishini sekinlashtirish maqsadida Nyu-Yorkda, Nyu-Jyersi va Konnektikutda karantin joriy qilinishi ehtimoli haqida ogohlantirgan.

Ayni vaqtda Nyu-Yorkning o‘zida 60 mingga yaqin kasallanish holatlari qayd etilgan. AQShdagi virusdan zararlanganlarning yarmidan ortig‘i aynan shu shtatga to‘g‘ri keladi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, amerikaliklar orasida virusdan zararlanish bilan bog‘liq 135 mingdan ortiq holat qayd etilgan, 2,3 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, 4 mingdan ortiq kishi tuzalib ketgan.

Tramp tvitterida Nyu-York, Nyu-Jyersi va Konnektikut aholisiga karantin o‘rniga hech qayerga bormaslikni tavsiya qilgan.

Shundan AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari mazkur uchta shtat aholisini zaruratsiz safarlarga chiqmaslikka chaqirdi.

Agentlikning qayd etishicha, bu mamlakat hayoti uchun muhim bo‘lgan kompaniyalarda, masalan, tibbiyot xodimlari va oziq-ovqat sohasida ishlaydiganlarga taalluqli bo‘lmaydi.

AQShda kasallanganlar soni ko‘p bo‘lsada, qurbonlar soni kam - 2384 kishi. Virus o‘choqlari Nyu-York, Yangi Orlean, Detroyt va Sietlda.

Ko‘chma morglar

Nyu-Yorkda ahvol shunchalik yomonlashdiki, AQShning biznes markazida har 17 daqiqada bir kishi koronavirusdan o‘lmoqda. Shahardagi eng ko‘p virusdan zararlanganlar davolanayotgan ikki yirik kasalxona yaqinida ko‘chma morglar tashkil qilingan. Muzlatkichli yuk mashinalardan (treyler) vaqtincha morg sifatida foydalanilmoqda. Ularning har birida 44tagacha jasadni saqlash mumkin.

AQSh prezidenti Donald Tramp tug‘ilgan shahardan 13 kilometr uzoqlikdagi Elmherst shahri markazi Kvinseda 545 kishilik kasalxona bor. Treylerlardan biri mana shu kasalxona yaqinida o‘rnatilgan. 26 mart kuni Elmherstda 13 kishi virusdan halok bo‘ldi. Ularning aksari yoshi katta odamlar.

Yana bir ko‘chma morg shahardagi markaziy sudmedekspertiza yaqinida o‘rnatilgan. Ma'lum bo‘lishicha, treylerlar kasalxonalarda morglar to‘lib ketganda muammo tug‘ilmasligi uchun ularning yaqinida o‘rnatilmoqda. Nyu-York shahar ma'muriyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasida bunday muzlatkichli treylerlardan 45tasi bor. Ular aslida tabiiy ofatlarni bartaraf etishda foydalanish uchun sotib olingan, lekin bugun 2 mingtagacha jasadni saqlash uchun xizmat qilmoqda...

So‘nggi marta odamlarning jasadlarini saqlash bo‘yicha bunday keng ko‘lamli choralar 2001 yil 11 sentabr teraktlaridan keyin qabul qilingan. O‘shanda Jahon savdo markazidagi terakt sabab 2 753 odam halok bo‘lgandi. Koronavirus qurbonlari esa bu ketishda 11 sentyabrdagidan ancha ko‘p bo‘ladi.

Nyu-York shunchaki shahar emas. Juda boy shahar. Shtatning YaIM hajmi 1,6 trillion dollardan ko‘p. Taqqoslash uchun, bu butun boshli Rossiya YaIMidan ko‘p degani. Bu borada Nyu-York AQShda Kaliforniya va Texasdan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Ana shunday boy shahar bugun shunchalik og‘ir ahvolga tushib qolganki, Nyu-Yorkdagi kasalxonalarda oddiy niqob, shifokorlar uchun xalat yetishmayapti.

Jonson britaniyaliklarga xat yozdi

PA MEDIA

O‘zi ham karantinda bo‘lib turgan Britaniya bosh vaziri Boris Jonson qirollik fuqarolariga maktub yo‘lladi. Unda Jonson karantin choralari kuchaytirilishi mumkinligini aytgan. Bosh vazirning bu tarzda millatga xat yo‘llashi tanqidlarga ham sabab bo‘ldi, chunki 30 million nusxada chop etilgan xatning tarqatilishi mamlakat g‘aznasiga 5,8 million funtga (7,2 million dollar) tushgan.

Ma'lumot uchun, ayni damda Britaniyada virus yuqtirganlar soni 19 522 kishiga yetgan. So‘nggi bir kunda yana 209 kishi virus qurboniga aylandi, jami 1 228 kishi halok bo‘lgan.

Yevropada nima gap?

AFP

Ayni vaqtda koronavirusdan eng ko‘p o‘lim qayd etilayotgan Italiya va Ispaniyada yuqori nuqta yaqinlashmoqda deb hisoblashmoqda. Qurbonlar soni 11 mingga yaqinlashgan Italiya hukumati keyingi haftalarda yangi zararlanishlar soni jiddiy darajada pasayishini kutishmoqda.

Rimda va Madriddagilar Yevropa hamjamiyatidan yordam kutishmoqda. «Men Yevropaning hal qiluvchi javobiga erishish uchun oxirgi kuchim qolguncha kurashaman», dedi Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte.

Italiyada ham (zararlanishlar holati 100 mingga yaqin), Ispaniyada ham (78 mingdan ortiq tashxis) bir kunda 800 nafardan ortiq kishi vafot etdi. Italiyada mamlakatga kelganlarning barchasining tana harorati o‘lchanmoqda va ularga niqob kiydirilmoqda.

Yevropada Covid-19’dan vafot etganlar soni allaqachon 20 mingdan oshgan. Fransiya bosh vaziri (ayni vaqtda bu mamlakatda virusdan zararlanish holatlari 40 mingdan oshgan, 2606 kishi vafot etgan) Eduard Filipp asosiy jang hali oldindaligidan ogohlantirdi.

Serbiyada komendantlik soati tartiblari kuchaytirildi. Endi serbiyaliklar dam olish kunlarida ko‘chada kunduzgi soat 3dan keyingi kun soat 5gacha bo‘lmasligi kerak, boshqa kunlarda esa soat 5dan keyingi kun tongidagi soat 5gacha ko‘chaga chiqish taqiqlanadi. 65 yoshdan katta odamlar ko‘chaga chiqishi mumkin emas. Faqat oziq-ovqatlar xaridi uchun istisno qilinadi - yakshanba kunlari soat 3dan 8gacha. Mamlakat chegaralari anchadan buyon yopiq, ammo chegaralar yopilishidan oldin xorijdan kelganlarning majburiy karantin davri 14 kundan 28 kunga uzaytirilgan.

Niderlandiya hukumati Xitoydan yetkazib berilgan yuz minglab tibbiy niqoblarni sifatsizligi uchun qaytarib yubordi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi France Press nashriga ma'lum qilishicha, 21 mart kuni 1,3 mln dona tibbiy niqob yetkazib berilgan, o‘shanda 600 ming dona tibbiy niqob shifoxonalarga jo‘natilgan. Xabarlarga ko‘ra, bu niqoblar yuzni yetarlicha yopmaydi yoki ulardagi filtrlar sifatsiz.

Mamlakatda koronavirusdan zararlanganlar soni 10866 nafarga yetgan, so‘nggi bir kunda 132 kishi vafot etgan va jami qurbonlar soni 771 nafarga yetgan.

Portugaliyada fuqarolik va vaqtincha yashash ruxsatnomasini olish uchun ariza bergan barcha muhojirlarning arizasi navbatsiz qanoatlantiriladi. Chunki agar bu arizalar hozir hal qilinmasa, keyinchalik sudda ishlar to‘planib qolishi mumkin. Muhojirlar bu ishni juda yaxshi kutib olishdi, hukumat esa bu qarorni inqiroz vaqtidagi savob ish deb atadi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Portugaliyada 5962 kishi virus yuqtirgan. Ulardan 119 nafari vafot etgan.

Dunyoning boshqa qismida nima gap?

EPA

Karantinning uzoq vaqt davom etishi yana bir muammoni paydo qildi. Dunyoning ayrim mamlakatlarida hamma oila a'zolarining uyda to‘planib qolishi uydagi zo‘ravonlik kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Avstraliya bu muammoning yechimi uchun 100 million dollar ajratdi. Fransiya va JARda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar uchun maxsus telefon liniyasi tashkil qilingan.

Darvoqe, Avstraliyada karantin qoidalari kuchaytirildi. Mamlakat bosh vaziri Skott Morrison ko‘chada ikki nafardan ortiq kishi bo‘lib yurish mumkin emasligini ma'lum qildi. Yoshi 70dan oshganlardan esa ko‘chaga chiqmaslik haqida tilxat yozib olingan.

Dushanba kunidan mamlakatdagi barcha bolalar maydonchalari, trenajyorlar o‘rnatilgan xiyobonlar yopiladi.

Janubiy Koreya xalqaro aviareyslarda uchuvchilar uchun cheklovlar joriy etdi - xorijdan keluvchilar koronavirus tarqalishini avj oldirishi xavfi bor. 1 apreldan xorijdan keluvchilarning barchasi majburiy ravishda 14 kunga karantinga olinadi.

Mamlakatda sog‘ayganlar soni ilk marta virusdan zararlanganlar sonidan oshdi. Yakshanba kuni bu yerda yana 105ta yangi holat qayd etildi. 9583ta zararlanish holatidan 5033 nafar kishi sog‘aygan va ularga uyiga javob berilgan.

REUTERS

«Zaandam» kruiz layneri nihoyat «ozodlikka chiqdi». Bu kemada 4 kishi virusdan halok bo‘ldi. Yana ikki yo‘lovchisida virus aniqlangan kemani uzoq vaqt hech qaysi port qabul qilmadi va nihoyat kemaga Suvaysh kanalidan o‘tishga ruxsat berildi. Endi u Floridaga qarab yo‘l oldi. Uning bortida 1 200 nafar yo‘lovchi bor. Yo‘lovchilarning ko‘pida grippni eslatadigan alomatlar paydo bo‘lgan.

Qatar Airwaysda muammo

Qatarning Qatar Airways aviakompaniyasi butun dunyoda evakuatsiya parvozlarini amalga oshirishda davom etmoqda. Ammo bu ketishda mashhur aviakompaniyaning puli tugashi mumkin. Chunki kompaniya parvozlarni to‘xtatgani yo‘q va bu xarajatlarni oshiradi. Korxona rahbari Akbar Bakir bu borada shunday deydi: «Bizda yana qisqa muddat ishlash uchun pulimiz qoldi xolos». Uning aytishicha, Qatar Airways tez orada Qatar hukumatiga yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘ladi.

Mavzuga oid