Jamiyat | 21:42 / 30.03.2020
32202
2 daqiqa o‘qiladi

Karantin paytida mardikor va vaqtincha ishsizlarga moddiy yordam beriladimi?

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Temur Mahmudov karantin davrida mardikorlarga moddiy yordam qay tartibda berilishiga izoh berdi.

«Kunlik ishchilarning faoliyatini tartibga soluvchi markazlar karantin va cheklov tadbirlari davomida yopilgan. Kunlik ishlar bilan shug‘ullanuvchilar o‘zlari doimiy yashaydigan hududdagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobiga qo‘shimcha 200 mlrd so‘m miqdorda mablag‘ ajratilgan.

Ishsiz fuqarolar, chegaralar yopilgani munosabati bilan mehnat migratsiyasiga chiqib keta olmagan shaxslar va karantin sababli vaqtincha ishsiz qolgan xodimlar shuningdek, kunlik ishlarda ishlayotgan shaxslar uchun jamoat ishlariga jalb qilish imkoniyatlari kengaytirildi.

Karantin choralari amal qilish davrida jamoat ishlariga jalb qilinayotgan fuqarolarning ish haqi, ish beruvchining idoraviy bo‘ysunuvi, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat'i nazar, to‘liq (100 foiz) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi», deya Mahmudovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Муҳаббат Маъмирова
Tayyorlagan Муҳаббат Маъмирова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid