O‘zbekiston | 20:30 / 31.03.2020
60393
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusning yana bir bemori tuzaldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan bemorlardan yana biri sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgani to‘g‘risida ma'lum qildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Bugun koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimizdan yana biri butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Xastalikdan forig‘ bo‘lgan fuqaro shifokorlarga alohida minnatdorchilik bildirdi. 

Ushbu fuqaro 14 mart kuni London – Toshkent yo‘nalishidagi reys bilan poytaxtimizga kelgan, 16 mart kuni unda koronavirus kasalligi aniqlangan edi. 

O‘tgan vaqt davomida u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida to‘liq davolandi. 

E'tirof etish joizki, fidoyi shifokorlarimiz tomonidan kecha-yu kunduz tibbiy nazoratga olingan holda, xalqaro stantdartlar asosida zarur davolash muolajalari olib borilgani ushbu bemorning butkul sog‘ayishini ta'minladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

31 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 167taga yetgan. 29 mart kuni bemorlarning 7 nafari sog‘ayib, ular reabilitatsiyaga kuzatilgandi. 

Shu vaqtgacha bemorlarning ikki nafari vafot etgan (Toshkent va Namangan viloyatlarida), yana bir bemor og‘ir ahvolda (Farg‘ona viloyatida) qolmoqda.

Mavzuga oid