19:09 / 04.04.2020
17801

Ovqat yetkazib berish xizmatlari nega ishlamayapti?

30 mart soat 6.00dan boshlab, turli joylarda avtomobil harakatiga cheklov o‘rnatildi. Lekin ovqat yetkazib berish xizmatlari uchun cheklov amal qilmaydi. Shunga qaramay, ularning faoliyatida uzilish bo‘lmoqda. 

Karantin davrida o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, 30 martdan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda hududlararo avtomobil harakatiga cheklov o‘rnatildi. Ushbu cheklov choralari yuk tashuvchi mashinalar, alohida vakolatga ega va ayni paytda o‘ta zarur vazifalar bilan band avtomobil egalariga tatbiq etilmaydi. Shular qatorida yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar ham ko‘rsatilgan.

Adliya vazirligi ma'lumotiga muvofiq, umumiy ovqatlanish korxonalarining yetkazib berish xizmatini ko‘rsatayotgan avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur tadbirkorlik sub'yektlarida doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning shaxsiy (mulk, ishonchnoma yoki ijara huquqi asosida) avtotransport vositalariga (xodimlar uchun faqat har bir umumiy ovqatlanish korxonasiga bir dona avtotransportga) harakatlanish uchun ruxsatnoma beriladi.

Kun.uzʼga ma'lum bo‘lishicha, vaqtincha tartibning bir necha marotaba o‘zgarishi tufayli yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi avtomobillarga stikerlarni berish muddati birmuncha cho‘zilgan. Qolaversa, premium-klass mashina haydovchilar yetkazib berish xizmatini amalga oshirish vaji bilan stikerni qo‘lga kiritishga uringan holatlar ham mavjud.

«Avval aytildiki, karantinga qadar yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega bo‘lgan avtomobillar ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullanishi mumkin. Bunda maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi, deyildi. Keyin tartib yana o‘zgardi», - deydi yo‘lovchi tashish xizmati bilan qonuniy shug‘ullangan, ammo ayni paytda ishsiz qolgan haydovchi.

Kun.uz bilan muloqotda bo‘lgan «Oq tepa Lavash»  umumiy ovqatlanish muassasalari tarmog‘i vakili 2 aprel holatiga ko‘ra, 50dan ortiq mashinaga stiker berilganini ma'lum qildi. Shuningdek, korxona xususiy taksi xizmati bilan shartnoma tuzgani bildirildi. Ta'kidlanishicha, «Oq tepa Lavash»   o‘z faoliyatini 2 apreldan qayta tiklagan.

Ushbu holat Evos tarmog‘ida ham kuzatilgan. Korxona vakilining so‘zlariga ko‘ra, ovqatlarni xo‘randalarga yetkazib beruvchi mashinalarga stiker o‘z vaqtida berilmagani uchun faoliyatda to‘xtalish bo‘ldi.

Har ikki muassasa vakillari stikerlarni olishda katta navbatning hosil bo‘lishi faoliyat vaqtincha to‘xtab qolganiga sabab bo‘lganini ta'kidladi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov yetkazib berish xizmatlari va oziq-ovqat do‘konlarini yangi koronavirusning keng tarqalishi riskini kuchaytirayotgan «qaynoq nuqtalar» sifatida ko‘rmoqda.

«Yetkazib berish xizmatlarini to‘liq «muloqotsiz yetkazish» rejimiga o‘tkazish (beskontaktnaya dostavka), onlayn to‘lovlardan foydalanish, naqd pulni olish va qaytim qaytarishda sanitar qoidalarga rioya qilish, dezinfeksiya moslamalaridan foydalanish, imzo chekish uchun ruchka va qog‘ozlarni mijozga taklif qilmaslik, tovarlarni yopiq va gigiyenik qoplamalarda yetkazish, kurerlarning xonadonlarga kirmasligi, mijoz bilan 2 metr masofani saqlashi lozim», deb hisoblaydi u.

Karantin davrida xizmat faoliyatini to‘xtatilmagan turli tashkilot va idoralar, shuningdek, xonadon egalari hanuz umumiy ovqatlanish muassasalarining ovqat yetkazib berishga xizmatiga talabi yuqori bo‘lib saqlanmoqda.

Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘aybullo Primovning Kun.uz'ga aytishicha, bungacha yo‘lovchi tashish litsenziyasi bo‘lmay, karantin davrida ovqat yetkazib berish xizmatini amalga oshirish uchun stiker so‘rab faqat hukumatning maxsus komissiyasiga murojaat etish mumkin. O‘rnatilgan tartibda boshqa hududlardan maxsus komissiyaga murojaat etishning qulay usullari bildirilmagan. Shuningdek, individual murojaatlarni hal etish mexanizmi mavjud emas.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top