Jamiyat | 18:36 / 09.04.2020
12840
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda karantin tartibini buzib, IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan shaxs uy qamog‘iga olindi

IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, ulardan biriga tan jarohati yetkazgan fuqaro ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘iga olindi.

8 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida 2 aprel kuni mazkur tuman hududida karantin tartiblarini buzib, ichki ishlar bo‘limi xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan holda ularga tan jarohati yetkazgan fuqaro ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.

«Shu yil 2 aprel kuni soat 12:30larda fuqaro P.P. Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasida bo‘la turib, respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi joriy etilgan karantin qoidalarini buzganligi sababli Yakkasaroy tumani IIO FMB HPB profilaktika inspektori F.Ibrohimov tomonidan to‘xtatilgan.

Inspektorning jamoat joylarida niqobsiz yurish mumkin emasligi yuzasidan bergan og‘zaki tanbehiga va niqob taqishi lozimligi haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan o‘z yo‘lida davom etgani bois, uni IIO FMBga olib borish va sodir etilgan huquqbuzarlik uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish choralari ko‘rilgan. Shunda P.P. inspektor F.Ibrohimovning qonuniy faoliyatiga faol qarshilik qilib, unga tan jarohati yetkazib, xizmat kiyimi va aloqa vositalariga shikast yetkazgan. IIO FMBga olib kelinganda ham o‘z harakatlarini davom ettirib F.Ibrohimov va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini haqoratlab, qo‘li bilan ularni urib, hujjatlarni rasmiylashtirishga yo‘l bermasdan bo‘limdan chiqarib yuborishni talab qilgan.

Ushbu holat yuzasidan Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan P.P.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan va 8 aprel kuni unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan ayb e'lon qilingan. Shu kuni tuman prokurori tomonidan ayblanuvchiga uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi raisi T.Obidovning 2020 yil 8 aprel kuni chiqargan ajrimiga muvofiq ayblanuvchi P.P. ga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan», deb xabar bermoqda Oliy sudi matbuot xizmati.

Mavzuga oid