Jahon | 19:49 / 10.04.2020
28250
4 daqiqa o‘qiladi

Yaponcha favqulodda vaziyat: majburlash yo‘q, hammasi ixtiyoriy

 8 aprel kuni Tokiodagi pivoxona va barlar, karaoke zallari va boshqa muassasalar eshiklarida quyidagi yozuv paydo bo‘ldi: "Chuqur afsusdamiz, ammo favqulodda vaziyat e'lon qilingani tufayli ishimizni to‘xtatishga majburmiz. Qadrli mijozlar, may boshlarida yana siz bilan uchrashish orzusidamiz".

Foto: Getty Images

Hozir Yaponiya poytaxtida ob-havo ajoyib: iliq, lekin issiqmas va havo namligi ham yuqori emas. Ammo ulkan va aholisi zich shaharning gavjum hududlarida odam siyrak — shahar aholisi hukumatning uydan faqat ishga va juda zarur holatlardagina chiqish to‘g‘risidagi iltimosini yakdillik bilan ado etmoqda

Bosh vazir aholidan o‘zaro muloqotni kamaytirishni so‘radi

8 aprel kuni koronavirus tarqalishi sababli Yaponiya tarixida ilk bor joriy etilgan favqulodda vaziyatning asosiy sharti ana shunday. Cheklovlar hozircha faqat Tokio va xavotirli vaziyat paydo bo‘lgan yana oltita prefekturada kiritilgan. Ularda jami 55 milliondan ortiq kishi yashaydi va Yaponiya yalpi ichki mahsulotining qariyb yarmi ishlab chiqariladi.

Favqulodda vaziyat rejimi bir oy muddatga e'lon qilingan va 6 maygacha amal qiladi. Bundan maqsad, mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe ta'kidlaganidek, odamlar orasidagi muloqotlarni 70–80 foizga kamaytirish. Hukumat ekspertlarining fikricha, agar aholi ixtiyoriy ravishda o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishni ta'minlasa, ikki haftadan so‘ng kasallik yuqtirish holatlari eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi va pasaya boshlaydi. Ko‘pchilik bu hisob-kitoblarni ortiqcha optimistik deb hisoblamoqda va vaziyat AQSh yoki Yevropadagichalik bo‘lmasa-da, bundan ham yomoniga tayyorlanishga chaqirmoqda. (Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, 10 aprel holatiga Yaponiyada koronavirusga chalinganlar soni 5530 kishini tashkil etadi, 99 kishi vafot etgan, 685 kishi tuzalgan).

Ruxsatnoma va patrullar yo‘q

Boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, Yaponiya hukumati odamlarni uyda o‘tirishga majbur qilish uchun keskin choralarga qo‘l urmayapti. Ruxsatnoma tizimi yo‘q, ko‘chada yurganlik uchun jarima solinmaydi, kuchaytirilgan politsiya patrullari va harbiylar ko‘rinmaydi. Aholi barcha cheklovlarga ixtiyoriy ravishda rioya qilmoqda, odamlarning uyda o‘tirishlari esa qator obektlarning yopilishi bilan yanada mustahkamlanadi.

Obektlar ro‘yxati favqulodda vaziyat joriy etilgan prefekturalar gubernatorlari tomonidan tuziladi, gap birinchi navbatda ichkilik ichish muassasalari va restoranlar haqida boradi. Kinoteatrlar, muzeylar, stadionlar va odamlar gavjum bo‘ladigan boshqa joylar yopilgan, vokzal va aeroportlardan tashqari.

Temir yo‘l va aviatashuvlar hajmi keskin tushgan — ko‘plab aviaparvozlar bekor qilingan, mehmonxonalar bo‘m-bo‘sh turibdi. Turizm biznesida 40dan ortiq kompaniya kasod bo‘ldi va bu hali boshlanishi. 

 Qiynalib qolgan biznesmenlar va oilalarga pul beriladi

 Tokio vaziyatning jiddiyligini tushunib turibdi: dushanba kuni bosh vazir Abe zarar ko‘rayotgan biznesmenlar va shaxslar uchun favqulodda yordam paketini e'lon qildi. Ushbu maqsad uchun 108 trln iyen — qariyb 990 mlrd dollar ajratiladi. Bu mamlakat tarixidagi eng yirik ana shunday dastur bo‘lib, u YaIMning 20 foizini tashkil etadi.

Oylik daromadi yarmidan ko‘piga qisqargan oilalarga 300 ming iyen (2,8 ming dollar atrofida)dan beriladi. Har bir bola uchun 10 ming iyen — 92 dollardan to‘lanadi. Daromadlari sezilarli darajada pasaygan kichik va o‘rtacha kompaniyalar egalariga 18 ming dollargacha subsidiya berish va'da qilinmoqda. Hukumat xususiy banklarni tadbirkorlarga foizsiz kreditlarni garovsiz berishga undaydi. Kompaniyalar daromadi pasaygan taqdirda soliqlarning bir qismidan ozod etiladi.

Mavzuga oid