Jahon | 23:00 / 11.04.2020
9941
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml Putinning salomatligi a'lo darajada ekanini ma'lum qildi

Ish hajmining ko‘payganiga qaramasdan, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin o‘zini juda yaxshi his qilmoqda, dedi uning matbuot kotibi Peskov. Uning aytishicha, prezident administratsiyasi xodimlari har kuni koronavirusga qarshi tekshirilmoqda.

Foto: Reuters

Vladimir Putinning salomatligi «a'lo darajada», garchi tadbirlar odatdagidan biroz ko‘paygan bo‘lsa ham. Bu haqda Kremlning rasmiy vakili Dmitriy Peskov «Perviy kanal» efirida ketgan «Bolshaya igra» dasturi chog‘ida aytib o‘tdi.

«A'lo darajada. Buni uning ish grafigidan ham bilishingiz mumkin. Barcha aloqalar videokonferensiya rejimida amalga oshirilmoqda, tadbirlarning o‘zi oddiy vaqtdagiga nisbatan ko‘proq ham bo‘layotgandek. Va, tabiiyki, yanada qizg‘in ishlashga to‘g‘ri kelmoqda», — degan Putinning matbuot kotibidan iqtibos keltirdi RIAN.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning faoliyatini ta'minlovchi administratsiya xodimlarining katta qismi har kuni koronavirusga tekshirish uchun test topshirishmoqda.

Ma'lumot uchun, 26 mart kuni RBK prezident ishlari boshqarmasi va administratsiyasida koronavirus yuqtirganlik shubhasi bilan bog‘liq holatlar aniqlangani haqida xabar bergan edi. Ertasi kuni Peskov Kreml xodimlari orasida virus yuqtirgan kishi topilganini tasdiqlagan edi. Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Putin bemor bilan aloqada bo‘lmagan.

Putin o‘zining 9 aprel kungi millatga murojaatida koronavirus ustidan g‘alaba qozonilishini va'da qilgandi. Uning ma'lum qilishicha, Rossiyada epidemiyaga qarshi kurashning borishi uchun «yaqin 2-3 hafta» hal qiluvchi bo‘ladi, bu muddat ichida barcha resurslar jalb qilinadi.

Xususan, Putin IIV va Rosgvardiyaga karantin uchun nazorat bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishni topshirgan. Idoralar virus bo‘yicha ahvol ko‘ngildagidek bo‘lmagan mamlakatlardan kelganlarni kuzatish, shifoxonalar hamda epidemiyaga qarshi kurashda ishtirok etayotgan boshqa muassasalarni qo‘riqlashni kuchaytirishadi.

11 aprel holatiga, Rossiyada 13 584 kishi koronavirus yuqtirgan. 106 kishi vafot etgan. COVID-19ning tasdiqlangan holatlari soni bo‘yicha Rossiya jahonda 17-o‘rinda turibdi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid