Jahon | 22:29 / 11.04.2020
62789
10 daqiqa o‘qiladi

Singapur koronavirusni yenggani aytilgandi. Ammo «ikkinchi to‘lqin» vaziyatni og‘irlashtirdi

Koronavirus tarqalishining dastlabki bosqichida Singapur butun dunyoga virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha namuna sifatida ko‘rsatilgandi.

Foto: Getty Images

Singapur virus hali Covid-19 deb atalishidan avval mamlakatga kirish bo‘yicha cheklov joriy etib, kasallanganlarni samarali tarzda jamiyatdan ajrata oldi. Bu choralar virus tarqalishining oldini oldi.

Ammo so‘nggi kunlarda virus yuqtirganlar soni keskin osha boshladi. Chorshanba kuni 142 kishi, payshanba kuni 287 kishi, juma kuni yana 198 kishi virus yuqtirgani aniq bo‘ldi. Shanba kuni yana 191 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi va jami kasallanish holatlari soni 2,299taga yetdi, qurbonlar soni 8 nafar.

Kasallik ayniqsa yotoqxonalarni to‘ldirib turgan muhojirlar orasida ko‘paymoqda. Singapur bir qarashda kasallikni karantinsiz yengayotgandek ko‘ringandi, ammo hozir vaziyat karantin joriy etishni talab qila boshladi.

Maktablar yopildi, faqat o‘ta zarur mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar ishlamoqda, odamlar uydan chiqmaslik bo‘yicha tilxat yozib berishgan. Rivojlangan davlatlar qatoridagi Singapur pandemiyaning boshlanishida hammaga o‘rnak bo‘lgandi, endi esa kambag‘al davlatlar uchun ham dars bo‘ladigan tajribaga asos bo‘ldi.

Nega hammasi yaxshi edi?

Singapurga keluvchilarning barchasi ikki haftalik karantinga yuborilardi / Getty Images

Singapurda ilk kasallik holati yanvardayoq aniqlandi. Bu 23 yanvar kuni Uhandan kelgan sayyoh bo‘lgan. Aynan o‘sha kuni Uhan karantinga yopilgandi. Kasallik Covid-19 deb nom olgan vaqtda singapurliklar orasida ham tarqalishga ulgurgandi.

Ammo hukumatda aniq reja bor edi. Aeroportlardagi tekshiruvdan tashqari infeksiya yuqtirgani gumonlangan har bir kishi test topshirdi. Kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlar to‘liq nazoratga olindi. Mamlakatga kirib kelgan har bir fuqaro ikki haftalik majburiy karantinga yuborildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Singapurning harakatlarini namuna sifatida ko‘rsatdi. Amalga oshirilgan ishlar chindan foyda berib Singapur kasallik tarqalishi ustidan nazorat o‘rnata oldi. Shu bois mamlakatda karantin yoki keskin cheklovlar joriy qilinmadi.

Ammo xursand bo‘lishga hali erta edi. Bu fikrni aytganlar singapurliklar orasida ham topilardi. Singapur milliy universiteti professori Deyl Fisher nega mamlakat qolganlardan ko‘ra virusga qarshi yaxshi kurashayotgani haqida savolga javob berar ekan shunday degandi: «Hozircha hammasi yaxshi. Bu kasallikni jilovlash juda qiyin».

Ahvol qachon yomonlashdi?

Vaziyat mart oyining o‘rtalaridan boshlab yomonlashdi. O‘shanda butun dunyo vaziyat jiddiyligini tushungan va fuqarolarini uyga qaytishga chorlay boshlagandi. O‘shanda minglab odamlar Singapurga kirib keldi. Ular orasida kasallikka qarshi choralar ko‘rilmagan davlatlar ham bor edi. 500 kishi o‘zi ham bilmay mamlakatga virus olib kirdi.

O‘shanda ham barcha kelganlarga ikki hafta davomida uy karantinida bo‘lish buyurildi, lekin ularning oila a'zolariga ko‘chaga chiqish taqiqlanmadi. Faqat kasallik alomatlari bo‘lganlargina uydan chiqmasligi kerak edi. Axir hamma ham virus yuqtirganda isitmalamaydi, organizmi kuchli bo‘lgani bois hech narsani sezmay yuraveradi, lekin uni boshqalarga yuqtiradi.

Virus yuqtirganlar soni shundog‘am oshib borayotgandi, ammo aynan mart oyi oxiriga kelib kasallanganlar keskin ko‘payishni boshladi. Buning ustiga asosan karantindagilardan aniqlanayotgan virus endi karantinda bo‘lmagan odamlar orasida ham chiqa boshladi. Bu esa kasallik endi jilovdan chiqdi degani edi.

Singapurning eng katta xatosi chetdan kelganlar bilan muloqotni cheklamaganida bo‘ldi. Chunki kasallik hech qanday alomat bo‘lmagan odamdan ham boshqalarga yuqishi isbotlandi. Bundan tashqari, kasallikdan tuzalgan hammaning ham tanasida koronavirusga qarshi immunitet shakllangani aniq emas.

Xatolardan o‘rnak olindi

Yuqoridagi holatdan xulosa chiqargan Singapur hukumati endi chetdan kelayotgan barchani yoppasiga karantinga olmoqda. Ular orasida kasallanganlar soni ham ko‘payib ketmayapti.

Shu haftada mamlakatda maxsus cheklovlarni kiritish imkonini beradigan qonun qabul qilindi. Qonunda karantin degan so‘z bo‘lmasa-da, u cheklovlarni nazorat qilishni o‘z ichiga olardi. Unga ko‘ra, uydan chiqishga faqat juda zarur holatlarda va sport bilan shug‘ullanish uchun ruxsat berila boshlandi. Qoidani buzganlar 7 ming dollar miqdorida jarima yoki yarim yilgacha qamoq bilan jazolanmoqda.

Bu choralar samara bergani aytilmoqda. Shuningdek, keyinchalik kasallik yuqtirganlar soni ortib borishi yangi choralarning samarasizligidan darak bermaydi, aksincha shu choralar joriy etilishidan oldingi yetti kunning oqibati bo‘ldi. So‘nggi vaqtlarda muhojirlar orasida kasallik yuqtirganlar ko‘payib ketdi.

Singapur boy davlat bo‘lgani uchun u yerdagi «qora ishlar»ni kambag‘alroq davlatlardan kelgan ishchilar bajaradi. Mamlakat bu muhojirlardan voz kecholmaydi, chunki ularsiz iqtisodiyot og‘ir ahvolda qoladi. Ishchilar orasida virus ko‘payayotganining sababi shuki, ularning ishida oraliq masofani saqlash qiyin. Bundan tashqari, ishchilar qonunga ko‘ra yotoqxonalarda yashashi kerak. U yerda esa bitta xonada 12 nafargacha odam istiqomat qiladi. Tabiiyki, hammom, oshxona, hojatxona hamma uchun bitta bo‘ladi.

Mehnat muhojirlari Singapur iqtisodiyoti uchun muhim / Getty Images

Bu muhojirlar yotoqxonalari infeksiya uyasi bo‘lishi oldindan aytilgandi, shunday bo‘ldi ham. Yotoqxonalardan birida 500 kishida virus aniqlandi. Yana bir yotoqxonada butun mamlakatdagi infeksiyaga chalinganlarning 15 foizi bo‘lib turibdi. Chunki muhojirlar kasallik yuqtirib ham ishlayverishgan.

Singapurdagi yotoqxonalarda sodir bo‘lgan voqealar virusga qarshi kurashda unchalik ko‘p pul sarflay olmaydigan davlatlar uchun bepul dars bo‘ldi. Tibbiyoti kuchli va gigiyena jihatidan namunali bo‘lgan Singapur kabi boy davlatda virus asosan qanday yo‘l bilan yuqishi ko‘rinib qoldi. Ayniqsa, Osiyo va Afrikaning odamlari yotoqxonaga o‘xshaydigan uylarda istiqomat qiladigan davlatlari ayniqsa Singapurdagi virus tarqalishi marshrutini o‘rganishi kerak.

Virus Singapur kabi namunali va boy davlatning nozik jihatini ko‘rsatib berdi. Ha, bu muhojirlar edi. Shu bois migrantlari ko‘p davlatlar ayniqsa ehtiyot bo‘lishi kerak. Balki Sinapurdagi voqealarni ko‘rgandan keyin Donald Tramp davlatlarga o‘z fuqarolarini AQShdan olib ketishni so‘ragandir.

Singapurdagi yotoqxonalarda barcha xalqaro talablar bajarilgan, odamlar uchun ajratilgan joylar ham norma bo‘yicha. Ammo faqat talablar bilan ish bitmasligi, odamlarning to‘planishi har qanaqasiga xavfli ekani ko‘rindi. Singapurning sanitar jihatdan muammo bo‘lmagan yotoqxonalaridaki virus tarqalib ketdi, Afrikaning odamlari sanitariya degan so‘zdan yiroq sharoitda yashaydigan davlatlarida ahvol qanday bo‘ladi? Singapurning puli ko‘p, kasallangan muhojirlarga yordam berishi mumkin, lekin bu holat kambag‘al davlatlarda sodir bo‘lsachi?

Singapurda 24 ming muhojir yotoqxonalarida karantinda bo‘lib turibdi. Ular ishlamasalar ham maoshlarini olishda davom etishmoqda va oziq-ovqat bilan ta'minlangan. Hukumat ular uchun hamma kerakli ishlarni qilmoqda. Hatto yotoqxonada zerikmasliklari uchun joylar bo‘shasa, armiya lagerlaridagi karantin muassasalariga olib borishyapti.

Virusni jilovlab bo‘lmasligi Singapur misolida ko‘rindi

Singapur virusga qarshi harakatlarni kech boshladi deyishmoqda, ammo bunday emas. Singapur ko‘p davlatlardan tezroq harakatni boshlagandi. Yuqorida fikrlarini keltirganimiz professor Fisher virusga qarshi kurash uchun asosiy uch omilni sanadi.

Birinchidan, virus tarqalishining oldini olish kerak. Bu uchun esa odamlar uyda qolishi shart. Ikkinchidan, tibbiyot kuchli bo‘lishi lozim. Kasalxonada joylarni bo‘shatish, shifokorlarga dam olish uchun sharoit yaratish juda muhim. Uchinchidan, hamma birlamchi sharoitlarni yaratish, karantin joylarini tayyorlash, kasallanganlar bilan kontaktlarni nazorat qilish.

Qaysidir ma'noda, Singapurning omadi keldi. Chunki AQSh va Britaniya kabi bu davlatda tibbiyot katta bosim ostida qolmadi. Shuningdek, odamlarni qo‘rqitadigan shov-shuvlar tarqalmadi. Chunki mamlakatda bitta hukmron partiya mavjud va OAV unga qarshi chiqmaydi. Professor Fisherning xavotiriga ko‘ra, OAVda «hammasi joyida ekani» haqida xabarlar tarqaydi va oqibatda odamlar hammasi o‘zlariga bog‘liq ekanini tushunmay, kasallik yana tarqab ketishi mumkin. Odamlar davlat hammasini qilyapti, deb yuraverishadi.

Yuqoridagi qonun kuchga kirgach, 10 mingdan ortiq singapurliklar ogohlantirildi. Masalan, savdo markazlaridagi fudkortlarda ovqatlarni olib ketish o‘rniga yeb o‘tirganlar qoidabuzar sifatida ro‘yxatga olindi.

Singapur misolida shunday narsani ko‘rdikki, mamlakatlar koronavirus tarqalishining ikkinchi, uchinchi va hatto to‘rtinchi to‘lqiniga tayyor turishlari kerak. Dunyo Singapurdagi yotoqxonalarda sodir bo‘lgan voqealarni ayniqsa diqqat bilan kuzatishi shart...

Mavzuga oid