Jahon | 07:41 / 11.04.2020
19377
1 daqiqa o‘qiladi

Vashington AQShdan o‘z fuqarolarini olib chiqishni istamayotgan davlatlarga sanksiyalar kiritadi

AQSh prezidenti Donald Tramp pandemiya sharoitida AQShdan o‘z fuqarolarini olib chiqishdan bosh tortayotgan yoki bu jarayonni cho‘zayotgan davlatlarga viza sanksiyalari kiritish haqidagi memorandumni imzoladi. 

“AQShdan pandemiya vaqtida o‘z fuqarolarini yoki rezidentlarini qabul qilmayotgan yoki buni asossiz cho‘zayotgan davlatlar amerikaliklar uchun sog‘liqni saqlash sohasida xavflar tug‘dirmoqda. AQSh qonunlarni buzayotgan xorijiy fuqarolarni qaytarish uchun imkoniyatga ega bo‘lishi kerak”, deb aytilgan hujjatda.

Tramp topshirig‘iga ko‘ra, AQSh ichki xavfsizlik vaziri bunday davlatlar ro‘yxatini davlat kotibiga taqdim qilishi kerak. Davlat kotibi ro‘yxatni o‘rganib chiqqandan keyin 7 kundan kechikmay viza sanksiyalarini kiritish rejasini qabul qilishi va uni amalga oshirishi lozim.

“Agar xorijiy davlat o‘z fuqarolarini qabul qilishni boshlasa, kiritilgan sanksiyalar amal qilishi to‘xtatishi kerak”, deyilgan memorandumda. Hujjat uzaytirilmasa, unda 2020 yil 31 dekabrda amal qilishdan to‘xtaydi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid