Jamiyat | 22:32 / 11.04.2020
21253
5 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l transport hodisasi yo‘lning nosozligi sababli yuz bersa, buni ekspertiza orqali isbotlash mumkin – ekspert

Endilikda O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisasi yo‘lning nosozligi sababli yuz berganini ekspertiza orqali isbotlash mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi Respublika sud ekspertizasi markazi bosh eksperti Murodjon Mahkamov Kun.uz’ga bergan intervyusida ma'lum qildi.

“O‘zbekiston prezidentining 4125-sonli qaroriga asosan, Respublika sud ekspertizasi markazida bir qator yangi turdagi ekspertizalar joriy etilishi nazarda tutilgan. Ular orasida markazning Sud-avtotexnika ekspertizasi laboratoriyasiga tegishli sud avtomobil yo‘llari ekspertizasi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan edi. Ushbu yangi turdagi ekspertizani amaliyotga tatbiq qilish va ekspertlar uchun metodik qo‘llanmani ishlab chiqish maqsadida respublikadagi avtomobil yo‘llariga tegishli barcha me'yoriy hujjatlar va standartlar o‘rganib chiqildi, mazkur yo‘nalishda ilmiy ishlar olib borildi.

Murodjon Mahkamov

Bundan tashqari, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida markazimizning bir qator xodimlari Belarus Respublikasi sud ekspertiza qo‘mitasida malaka oshirib qaytishdi. Ular safida men ham olti oy davomida ushbu yo‘nalish bo‘yicha bilim oldim, malakamni oshirdim. Hozirgi kunda sud avtomobil yo‘llari ekspertizasi bo‘yicha ekspertlar uchun metodik qo‘llanma ishlab chiqildi, maxsus uskunalarni sotib olishga buyurtma berildi. Uskunalar yetib kelishiga yangi ekspertiza bilan shug‘ullana boshlaymiz”, deydi Murodjon Mahkamov.

Uning aytishicha, sud avtomobil yo‘llari ekspertizasi dunyodagi eng ilg‘or, talab yuqori bo‘lgan ekspertiza turlaridan hisoblanadi. Qolaversa, O‘zbekistondagi yo‘llarning holati, yo‘l-transport hodisalarining ma'lum bir qismi yo‘llardagi nosozlik bois yuzaga kelishi inobatga olinib, O‘zbekistonda ham ushbu espertiza joriy etilmoqda.

“O‘zbekiston yo‘llarida ham ekspertizaga tegishli masalalar bor. Shu sababli prezident qarori bilan yangi turdagi ekspertiza amaliyotga tatbiq etilmoqda. Sud avtomobil yo‘llari ekspertizasi YTH bo‘lgan sharoitni o‘rganib chiqadi, voqea joyidagi yo‘l nosozliklarini, yo‘lning standartlarga mosligini va yo‘ldagi nosozlik hodisaning sodir bo‘lishida qanchalik rol o‘ynaganini aniqlashga qaratilgan ekspertiza hisoblanadi.

Avtomobil yo‘llarining qurilish va foydalanish xususiyatlari, uning elementlari, atrof-muhit bilan o‘zaro ta'siri, shuningdek, YTH bilan bog‘liq bo‘lgan xususiyatlari sud avtomobil yo‘llari ekspertizasining predmeti hisoblanadi. Ekspertiza davomida, yuqoridagilardan tashqari, yo‘l chiziqlari va belgilari ham o‘rganilib, ularning belgilangan me'yor talablariga qanchalik mosligi aniqlanadi. Shuningdek, yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlarining bir-biriga qay darajada muvofiqligi, ya'ni teskari emasligi va bu holatning yo‘l-transport hodisasiga ta'siri ham albatta o‘rganiladi”, deydi Respublika sud ekspertizasi markazi bosh eksperti.

Qayd etilishicha, sud avtomobil yo‘llari ekspertizasi quyidagi vazifalarni hal etadi:

  • yo‘llarning kvalifikatsion tavsifini aniqlash;
  •  yo‘lning va yo‘l sharoitining tarkibiy elementlari texnik holatini aniqlash;
  •  YTH sodir bo‘lgan yo‘l uchastkasining texnik holatini, uning elementlari va yo‘l sharoitlarining normativ-texnik hujjatlarga mos kelishi;
  •  harakat xavfsizligiga ta'sir etuvchi yo‘l nuqsonlarining vujudga kelish vaqti va sabablarini aniqlash;
  •  hodisa mexanizmiga yo‘l va uning tarkibiy elementlari ekspluatatsion xususiyatlarining pasayib ketishining ta'sirini aniqlash;
  •  tadqiq etilayotgan yo‘l bo‘lagida haydovchining yo‘l sharoitlari haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lish darajasini aniqlash va h.k.;
  •  YTH joyida yo‘l chiziqlarining holati, yo‘l belgilarini va boshqa yo‘l inshootlari holati, ularning standartlarga mos kelishi;
  •  ushbu yo‘ldagi nosozliklar, yo‘l chiziqlari noto‘g‘ri chizilganligi, yo‘l belgilari noto‘g‘ri o‘rnatilganligi aynan yo‘l transport hodisasi kelib chiqish sababchisi bo‘lganligini aniqlash.

Murodjon Mahkamovning ma'lum qilishicha, sud avtomobil yo‘llari ekspertizasi sud-tergov yoki prokuratura organi qarori yoxud sudning ajrimiga asosan o‘tkaziladi. Mutaxassisning ta'kidlashicha, yo‘l-transport hodisasiga uchragan va bu holat yo‘ldagi nosozlik sababli yuzaga kelganiga amin bo‘lgan fuqarolar ham Respublika sud ekspertizasi markaziga murojaat qilishi mumkin, ushbu holatda sud ekspertiza xulosasi emas, balki mutaxassis fikri beriladi. Fuqarolarga ko‘rsatiladigan mazkur xizmat to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid