Iqtisodiyot | 16:59 / 14.04.2020
9475
4 daqiqa o‘qiladi

«Bu yashirin iqtisodiyot hajmini oshirishi mumkin» – Yuliy Yusupov DSQ taklif etgan hujjat loyihasi haqida

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov Ground Zero tomonidan tashkil qilingan vebinar doirasida «Koronavirusgacha va undan keyingi jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston» mavzusida ma'ruza qildi hamda savollarga javob berdi.

Vebinarni kuzatgan Kun.uz muxbiri taniqli iqtisodchining fikrlarini o‘zbek tilida keltirib o‘tadi.

Yuliy Yusupov Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bank tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan Davlat soliq qo‘mitasiga bank hisoblari to‘g‘risidagi axborotni elektron tarzda uzatish tartibini tasdiqlash haqida»gi qaror loyihasiga oid fikrlarini bildirdi.

«Bu koronavirus bilan bog‘liq holat emas. Biroq muayyan darajada globalizatsiyaga bog‘liq. Masalaning ikkita tomoni bor: globalizatsiya bilan bog‘liq bo‘lgan birinchi jihati – iqtisodiyotni tobora shaffoflashtirish haqiqatan ham global tendensiya. Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda kartaga oid ma'lumotlar bo‘yicha qanday ekanini bilmaymanu, lekin bank hisoblaridagi ma'lumotlar soliq organlarining talabiga ko‘ra taqdim etiladi.

Biroq buning ikkinchi tomoni bor. Bunday vaziyatga rivojlangan mamlakatlarda darhol kelishmagan. Ular bunga birinchidan, qadam-baqadam kelishgan, ikkinchidan aholi naqd pulsiz pul aylanmasi, naqd pulsiz hisob-kitob, plastiklarga ko‘nikkanidan keyin joriy etilgan.

Odamlar qaysidir darajada qonunga bo‘ysunadigan va «soyaga berkinadigan» bo‘lmasa, yashirin iqtisodiyot katta bo‘lmasa, eng muhimi, iqtisodiyot, biznes banklarga ishonsa, ortiqcha ma'lumotdan yomon maqsadlarda foydalanmasliklarini tushunadi. O‘z-o‘zidan, o‘zgacha sharoitlarda tatbiq etiladigan bunday loyiha o‘tadi. Hozir rivojlangan mamlakatlardagi banklar ana shunday ochiq sharoitlarda faoliyat yuritadi. Zaruriy ma'lumotlarni taqdim etadi. Bundan tashqari, o‘zlarining banklari orqali yomon to‘lovlar amalga oshirilmasligidan manfaatdorlar.

Bizdagi vaziyat boshqacha. Odamlar moliyalashtirishning muqobil mexanizmlari, ya'ni naqd puldan foydalanishga odatlanishgan. Plastik kartochkadan foylanishga ko‘nikishdi, lekin hozir u bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, «sizda buncha pul qayerdan paydo bo‘ldi?» deb so‘rashni boshlashsa, yaxshisi naqd puldan foydalanaman, yoki dollarda hisob-kitob qilaman deyishga o‘tadi.

Eng muhimi, xalqimiz banklarga ham, davlatga ham ishonmaydi. Bu kabi yangiliklarda «kimdir yana cho‘ntagimizga ko‘z olaytiryapti», degan fikr tug‘iladi. Bu hatto qonuniy pullar bo‘lsa ham.

Qo‘rqamanki, bu tashabbus aks ta'sirga olib keladi: Soliq qo‘mitasi shu tariqa yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashayotganini aytmoqda, aksincha yashirin iqtisodiyot hajmini orttirishi mumkin. Men bu borada shoshmagan bo‘lardim, agar islohotlarni muvaffaqiyatli tarzda o‘tkazsak, odamlar shaffof iqtisodiyotda yashashni o‘rgangach, ehtimol 10-15 yildan keyin bunga qaytish mumkin. Afsuski, hozir bunday emas», dedi Yuliy Yusupov.

Bundan avvalroq muhokamaga qo‘yilgan hujjatda bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln. so‘mdan (shu jumladan, chet el valutasi milliy valuta ekvivalentida bo‘lgan taqdirda) va tranzaksiyalari soni 10tadan oshgan operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni banklar soliq idoralariga taqdim etishi belgilangani ijtimoiy tarmoqda jiddiy e'tirozlarga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid