Jahon | 08:28 / 14.04.2020
6901
2 daqiqa o‘qiladi

Makron Fransiyada karantin nega 11 mayga qadar cho‘zilganini tushuntirdi

 Foto: REUTERS/Charles Platiau

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron mamlakatida koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha cheklov choralarini cho‘zdi. U bu haqda dushanba kuni Fransiya aholisiga telemurojaati chog‘ida aytdi, deb yozmoqda Liberation.

Mamlakatda yana 4 haftaga – 11 mayga qadar harakatlanish uchun cheklov uzaytiriladi, davlat chegaralari yopiqligicha qoladi. «Bu virus tarqalishini sekinlashtrishning yagona yo‘li»,– degan Makron.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda COVID-19ning tarqalishiga qarshi joriy etilgan choralar kuchaytirilishiga ham, yumshatilishiga ham ehtiyoj yo‘q. Agar epidemiyada pasayish kuzatilsagina, 11 maydan so‘ng karantin bekor qilinishi mumkin. Biroq shu sanadan so‘ng Fransiyada o‘quv muassasalari yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishga ulgurib qolish uchun ochiladi. Ommaviy joylar yopiqligicha qoladi, madaniy va sport tadbirlarini o‘tkazish iyul oyining o‘rtalarigacha taqiqlanadi.

Fransiya yetakchisi 8 million kishiga taalluqli bo‘lgan ishsizlarga yordam ko‘rsatishning yangi choralarini ham e'lon qildi. Xususan, Makron kreditlar bo‘yicha yangi muddat uzaytirishlar, yig‘imlarni bekor qilish va iqtisodiyotning koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan sohalariga yordam va'da qildi.

Fransiyada karantin 17 mart kuni e'lon qilingan va 15 aprelda yakunlanishi kerak edi.

Bu orada Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy ham mamlakatning uchta muhim hududi – poytaxt Abuja hamda Lagos va Ogun shaharlarida karantin cheklovlarini 14 kunga uzatirish haqida e'lon qildi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid