Jamiyat | 19:00 / 15.04.2020
115322
7 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchilik onaizor: «Oilamdan 5 kishi shu virusga chalindi... O‘zingizni asrang!»

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi bir mushtipar onaning quyida keltirilgan iztiroblari sizni o‘yga toldirsa, hushyorlikka chorlasa, ajab emas. Uning oilasidan bir, ikki... emas, besh nafar kishi koronavirus infeksiyasiga chalindi. Dastlab 14 yoshli o‘g‘li, so‘ng turmush o‘rtog‘i, keyin ikki nafar qizi, so‘ng kenja o‘g‘li...

Kuni kecha uning sakkiz yoshli kenja o‘g‘li sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Allohning mo‘jizasini qarang, shunday og‘ir xastalikni yuqtirgan turmush o‘rtog‘i va bolalarining boshida parvona bo‘lgan ayolda bu virus aniqlanmagan. U kenja farzandi sog‘aygan kuni karantindan chiqib, uni bag‘riga bosdi. Oilasining qolgan to‘rt a'zosi esa hali davolanishmoqda.

Reabilitatsiya markazida ona-bola bilan uchrashganimizda tojdor virusni yengib chiqqan beg‘ubor bolakay dunyoning tashvishini unutib, onasining bag‘rida multfilm ko‘rib o‘tirgan edi. Onaning xayoli esa qolgan yaqinlarida...

Chiroqchilik onaizorning iztirobli kechinmalari sizni ham befarq qoldirmaydi, degan fikrda e'tiboringizga taqdim qilmoqdamiz.

 ***

– Shu yil mart oyining o‘rtalari edi. O‘n to‘rt yoshli o‘g‘limni shifokorlar operatsiya qilish kerak, deb qolishdi. Otasining ikki tog‘asi Toshkentda shifokor bo‘lib ishlashadi. Ulardan ham maslahat olish umidida otasi o‘zimizning “Neksiya”mizda bolamni olib, poytaxtga jo‘nab ketdi. Bu oddiy operatsiyani Qarshida ham, hatto Chiroqchida ham qilish mumkinligini o‘ylamabmiz ham o‘shanda...

Tog‘alari ularni yaxshi kutib olishgan, o‘g‘limni yaxshi do‘xtirlarga ko‘rsatishgan. Ayniqsa, kichik tog‘asi operatsiya o‘tgunicha ulardan xabardor bo‘lgan, “Navro‘z” bayrami kuni ota-bolani uyiga olib kelib, mehmon qilgan. Ammo o‘sha kunlari uning ham mazasi qochib, issig‘i chiqib yurgan ekan. Ertasi kuni otasi ular bilan xayrlashib, mashinada o‘g‘limni olib qaytadi.

Uyga kelgach, turmush o‘rtog‘im yo‘lda mashina buzilib qolib, ko‘p qiynalganini aytib, yotib qoldi. Avvaliga shamollagan shekilli, deb e'tibor qilmabmiz. Oradan uch-to‘rt kun o‘tib, Toshkentdagi kichik tog‘asi og‘ir dardga chalinganligi uchun shifoxonaga yotqizilganini eshitib, hangu-mang bo‘lib qoldik. Bir kun o‘tib, uning koronavirus infeksiyasidan vafot etgani haqidagi xabarni eshitib, dahshatga tushdik. Otasi darrov do‘xtirlarga telefon qilib, koronavirusga chalingan qarindoshi bilan muloqotda bo‘lganligini ma'lum qildi...

U yog‘i xuddi yomon tushga o‘xshaydi. Avvaliga Toshkentda operatsiya bo‘lgan o‘g‘lim, keyin otasi, keyin boshqa bolalarimning laboratoriya tahlillari ularning ham koronavirusga chalinganini ko‘rsatdi. Ko‘zimga dunyo zimiston bo‘lib ko‘rinib ketdi...

***

Ey Xudo, bu qanday ko‘rgulik bo‘ldi, deyman, ko‘zlarimga yosh quyilib kelaveradi. Oilamga qayerdan yopishdi bu balo, nimaga ularni Toshkentga jo‘natishga ko‘ndim, Xitoydan tashqari yana ko‘plab davlatlarda shu virus tarqaganini eshitgandik-ku, nimaga buning bizga daxli yo‘q, deb kalta o‘yladik?..

“Yomon tushim” o‘shandan buyon davom etayotganga o‘xshaydi. Hammamizni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelishdi. Menda infeksiya aniqlanmadi. Faqat karantinga olishdi. Tavba, deyman, qishloqda gripp deganlari, eng avvalo, menga tegardi. Yaqindagina ham bir dunyo “osma ukol” olgandim. Xudoning ishlari qiziq ekan. Shu norasidalarimga bergan dardni menginaga bera qolsa nima qilardi, deb nola qilaman. Birpasgina uxlab oling, deyishadi, koshki ko‘zim ilinsa. Kun-u tun bolalarimning, otasining sog‘lig‘ini tilab, Xudoga iltijo qilib chiqaman.

***

Xonamiz ro‘parasida joylashgan derazaga termulaverib, ko‘zlarim tinib ketadi. Ana, baraka topkur do‘xtirlar mijja qoqmay bolalarimning tepasida parvona, ana, qandaydir muolajalar qilishayapti. Bu odamlarning ham uyida bolalari bordir, deyman. Shular ham tirik jon-ku axir? Nimaga xuddi o‘z bolasi dard chekayotganday jon kuydirishadi bular?

Qanchadan-qancha hamqishloqlarim, qo‘ni-qo‘shnilarimiz, boshqa yaqinlarimizni ham tashvishga qo‘ydik. Ularning oldilarida ham ming xijolatdamiz. Biz sabab halovatlari buzildi. Ayrimlari karantinda yotib chiqishga majbur bo‘lishdi.

Qishloqda bitmagan imoratimiz qoldi. Bolalarimning otasi usta. Ro‘zg‘orimiz shu ustachilikning ortidan edi. Kam-ko‘stimiz ko‘p hali. Ammo hech bir tashvish bolalarimning tola sochiga arzimas ekan. Hammasi maktabda a'lo baholarga o‘qishardi. Uyimiz ularning maktabdan olib kelgan faxriy yorliqlariga to‘lib ketgan. Ayniqsa, o‘n oltiga to‘lgan katta qizim o‘qishga kirishni orzu qilayotgan edi...

Mana, necha kundan beri davom etayotgan qorong‘ulik ichida nihoyat yilt etgan nur ko‘rindi. Kenjatoyimning sog‘ayganini eshitganimda sevinganimdan esimni yo‘qotishimga sal qoldi. U birinchi sinfni tugatayapti. Sunnat to‘yini qilish harakatida edik.

 ***

Takror-takror aytaman: mening boshimga tushganini hech kimga ko‘rsatmasin! Hamma bolalar onalarning gaplariga quloq solishadi. Do‘xtirlar uyda qoling, deb bejizga aytishayotgani yo‘q. Onalar, iltimos, bolalaringizni, yaqinlaringizni asrang! Bu sinovlar o‘tib ketadi, ularni uyda, issiq bag‘ringizda olib o‘tiring. Topgan boyligingiz, solgan imoratingiz, boshqa ming-ming orzu-havaslaringiz salomatlikning oldida hech narsa emas ekan.

Onalar duolari ijobat bo‘ladi, deydilar. Iltimos, yurtga tinchlik, elga sog‘liq tilab, kaftlaringizni duoga ochgan paytlaringizda mening bolalarimga, bolalarimning otasiga, shunday og‘ir dardni, sinovni boshidan o‘tkazayotgan barcha yurtdoshlarimizga ham shifo so‘rang! Iltimos, azizlar, duo qiling! 

Mazkur hayotiy hikoya Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy sahifalarida e'lon qilindi.

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Nuriddin EGAMOV oqqa ko‘chirdi.

Mavzuga oid