Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar biznes-rejalari qayta ko‘rib chiqiladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti barqarorligini ta'minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasiga davlat hokimiyati organlari, sud va prokuratura organlari, vazirliklar va idoralarning soliqlar, majburiy yig‘imlar, bojlar, jarimalar hisobidan jamlanadigan budjetdan tashqari jamg‘armalari xarajatlarini (xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va qonunchilikda belgilangan moddiy rag‘batlantirish xarajatlari bundan mustasno) qisqartirish va iqtisod qilingan mablag‘larni respublika budjetiga yo‘naltirish vakolati berildi.
Vazirlik, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalari joriy yil 1 avgustiga qadar budjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish, qurilish, rekonstruksiya va kapital ta'mirlash bilan bog‘liq xarajatlarni to‘xtatadi, moliyalashtirish boshlangan chora-tadbirlar bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
- davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar xarajatlarini maqbullashtirish yuzasidan ularning biznes-rejalarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish;
- tasdiqlangan investitsiya dasturlari parametrlarining kuzatuv kengashlari tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi va o‘zgartirilishini ta'minlash hamda ularning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni har chorakda ko‘rib borish;
- ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar va tashkilotlarda 2019 yil uchun olingan va 2020 yilda olinadigan sof foyda bo‘yicha davlat ulushiga hisoblangan dividendlarni to‘lig‘icha Davlat budjetiga o‘tkazish yuzasidan tegishli choralarni ko‘rish vazifasi topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish davrida foydali qazilmalarni qazib olish sohasida faoliyat yurituvchi ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan tushum yoki foydani taqsimlashning alohida rejimini belgilash huquqi berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Vazirlar Mahkamasi joriy yil 1 iyuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, sud va prokuratura organlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, barcha vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy organlari, ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va jamg‘armalar uchun yagona mehnatga haq to‘lash tizimini tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritish vazifasi topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘n besh kun muddatda:
- Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladigan va qurilish-montaj ishlari boshlanmagan investitsiya loyihalarni tanqidiy ko‘rib chiqib, ayrim loyihalarni kechiktirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilish;
- koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini ta'minlash va xarajatlarni optimallashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish vazifasi yuklatildi.
Mavzuga oid
07:27 / 08.05.2026
Xususiy tibbiyot tashkilotlariga davlat budjeti hisobidan xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi
20:08 / 05.05.2026
Elektromobil egalariga ehtimoliy subsidiya miqdori ma’lum bo‘ldi
10:07 / 03.04.2026
O‘zbekiston milliy valutada 1 mlrd dollar ekvivalentidagi obligatsiyalarni 12,25 foiz stavkada joylashtirdi
10:00 / 29.03.2026