O‘zbekiston | 09:57 / 20.04.2020
6398
8 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 116,3 ming gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtiriladi 

Jizzax viloyati hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi

Foto: Vitaliy Timkiv

Prezidentning “Jizzax viloyati hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Jizzax viloyati hokimligi va Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2020–2022 yillarda Jizzax viloyati hududlarining jami 116,3 ming gektar yer maydonlarini bosqichma-bosqich qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha takliflari ma'qullanadi.

Quyidagilar:

Jizzax viloyati hududlarini 2020–2022 yillarda bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish ko‘rsatkichlari;

Jizzax viloyati hududlarini 2020–2022 yillarda sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va dorivor o‘simliklar va issiqxona xo‘jaliklariga ixtisoslashtirish ko‘rsatkichlari;

Jizzax viloyati hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirishda 2020–2022 yillar davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Jizzax viloyati hokimligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda hududlarni ixtisoslashtirish ko‘rsatkichlarini va “Yo‘l xaritasi”da belgilangan topshiriqlarni samarali va o‘z vaqtida ijro etilishini ta'minlasin hamda natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga har chorakda ma'lumot kiritib boradi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining:

ko‘chatxonalar va issiqxonalarda urug‘, ko‘chat va payvandtag yetishtiruvchi va ularni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yetkazib beruvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari barcha turdagi soliq va yig‘imlar to‘lashdan (yagona ijtimoiy to‘lov bundan mustasno) ozod etish;

chetdan olib kirilayotgan urug‘lar, ko‘chatlar va payvandtaglar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari, tomchilatib sug‘orish tizimlari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bundan mustasno) ozod etish bo‘yicha imtiyozlarini 2023 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish takliflari ma'qullanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilikni rivojlantirish agentligining Uzum yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

bog‘dorchilik xo‘jaliklarida tashkil qilinadigan har 35 gektar intensiv bog‘ va tokzorlarga suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurish ishlari uchun 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda subsidiya mablag‘larini ajratish tartibi joriy etilganligi inobatga olinadi;

suvdan foydalanish maqsadida tutash hududlarda joylashgan bir necha fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining o‘zaro kelishuvi asosida suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqni, shuningdek daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suv tortish nasos stansiyasini qurish uchun har 35 gektar maydonga 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda subsidiya ajratilishi belgilanadi.

Jizzax viloyati hokimligi:

a) tuman hokimliklari hamda xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari bilan birgalikda ikki hafta muddatda hududlarning yer maydonlarini ixtisoslashuvdan kelib chiqib, ushbu yer maydonlarini ustuvor ravishda raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish jarayonini hamda innovatsion va resurstejamkor texnologiyalarni qo‘llashni o‘z ichiga olgan agroklasterlarni tashkil etuvchi salohiyatli tashabbuskor, fermer xo‘jaligi va boshqa sub'yektlarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun tanlov asosida ajratish choralarini ko‘radi;

b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:

ixtisoslashtirilayotgan hududlarda yaxlitlikka jiddiy e'tibor qaratgan holda tegishli qishloq xo‘jaligi ekinlarini turlariga qarab plantatsiya shaklida eksportbop ekin turlarini joylashtirish va yetishtiriladigan mahsulot hajmlarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanishini va bajarilishini;

kartoshkaning mahalliy navlarini seleksiyasi va urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida suv ta'minoti va infrastrukturasi mavjud bo‘lgan Zomin tumanidagi dengiz sathidan 1–1,5 ming metr balandlikda bo‘lgan Qoramozor hududidan 20 gektar yer maydonini Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti balansiga o‘tkazilishini ta'minlaydi;

v) Ichki ishlar vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Zafarobod tumani F.Xo‘jayev massivida Jazoni ijro etish muassasasi bosh boshqarmasining 30-son manzilli koloniyasiga qarashli 635 gektar samarasiz foydalanib kelinayotgan suvli yer ekin maydonini 2 400 boshli go‘sht yo‘nalishidagi chorva kompleksini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish sharti bilan tashabbuskorlarga ajratib berish choralarini ko‘radi;

g) Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi va “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi bilan birgalikda Jizzax viloyatining G‘allaorol, Zomin, Mirzacho‘l, Paxtakor hamda Sh.Rashidov tumanlarida, ularning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda, transport va infratuzilma obektlari holati va tutash tumanlarning mahsulot yetishtirish hajmlarini inobatga olib yirik agrologistik markazlarini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish dasturini tasdiqlaydi va bajarilishini ta'minlaydi;

d) Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Uzumchilikni rivojlantirish agentligi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi, tijorat banklari hamda loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda 2020 yil davomida tashkil etiladigan investitsion loyihalar bo‘yicha, shuningdek, har yili 1 oktyabrga qadar kelgusi yil uchun tashkil etiladigan loyihalarning manzilli dasturini tasdiqlaydi va bajarilishi yuzasidan har chorakda Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan materiallar kiritadi;

ye) Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi hamda tijorat banklari bilan birgalikda manzilli dasturni moliyalashtirishda tijorat banklarining kredit mablag‘lari, xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari va xorijiy investor mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘radi. Bunda:

tijorat banklari tomonidan loyihalarni moliyalashtirish, shu jumladan aylanma mablag‘larini shakllantirishga kreditlar ajratishda qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosilsiz davri hamda barpo etilayotgan quvvatlarni tashkil etish davriga kreditning asosiy to‘lovidan imtiyozli davr beriladi;

har bir tijorat banklari o‘z mablag‘lari hisobidan hamda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hisobidan Jizzax viloyatiga mazkur loyihalarni moliyalashtirish uchun limitlar miqdorini aniqlab viloyat hokimligiga taqdim etadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda meva-sabzavotchilik va uzumchilik, zamonaviy issiqxonalarda mahsulotlarni yetishtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashni tashkil etish maqsadida 2020-2021 o‘quv yilidan Jizzax politexnika instituti tarkibida Toshkent davlat agrar universitetining meva-sabzavotchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan kafedralari filialini tashkil etadi.

2020-2021 o‘quv yilidan boshlab tegishli ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari ajratish taklifini Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga kiritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid