Jamiyat | 09:03 / 21.04.2020
7404
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 20ta kemping tashkil etilishi rejalashtirilmoqda

Samarqand viloyatida zamonaviy bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi va turizm infratuzilmasi obektlarini tashkil etish chora-tadbirlari qabul qilinadi

Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyatida zamonaviy bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi va turizm infratuzilmasi obektlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Samarqand viloyati, Urgut tumani, Omonqo‘ton MFYda joylashgan “Do‘stlik” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi bino va inshootlarini investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “ZAMIN-TRAVEL” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga “nol” xarid qiymatida sotish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Belgilab qo‘yilishicha, investor quyidagi investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni bajarishni o‘z zimmasiga oladi:

2022 yilning yakuniga qadar o‘z mablag‘lari hisobidan 2,0 mln. AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiya kiritib, obektni to‘liq rekonstruksiya qilish, obekt negizida zamonaviy infratuzilma obektlariga shuningdek, sport-sog‘lomlashtirish majmualariga ega:

100 o‘rinli bolalar sport-sog‘lomlashtirish oromgohi;

75 o‘ringa ega jami 20 ta kemping (dam olish maskanlari);

3 yulduzli xizmatlar sifatiga ega 100 o‘ringa mo‘ljallangan (nomerlar soni 40 tadan iborat) mehmonxona kompleksini tashkil etish;

kamida 55 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oylik muddatda ushbu qarorning 2-bandida belgilangan shartlarda obektni “nol” xarid qiymatida sotilishi bo‘yicha investor bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzilishini hamda investor tomonidan qabul qilingan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi yuzasidan monitoring olib borilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid