O‘zbekiston | 17:41 / 22.04.2020
14854
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev va Erdo‘g‘an telefon orqali muloqotda ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi

Bugun, 22 aprel kuni, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Suhbat avvalida davlat rahbarlari muborak Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan samimiy qutlovlar almashib, bir-birlari va birodar xalqlarimizga sihat-salomatlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

O‘zbekiston prezidenti hamkasbi va do‘st Turkiya xalqini ushbu mamlakatda keng nishonlanadigan davlat bayrami – Milliy suverenitet va bolalar kuni bilan ham tabrikladi. 

Muloqotda Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yangi global xatar – koronavirus infeksiyasining shiddatli tarqalishiga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qilish masalalariga alohida to‘xtaldilar.

“Xususan, tomonlar mamlakatlarimizda pandemiyaga qarshi kurash, shuningdek, ushbu xavfli kasallik oqibatlarining amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarga va inqirozga qarshi qabul qilinayotgan choralar samaradorligiga salbiy ta'sirini oldini olish borasida ko‘rilayotgan qat'iy chora-tadbirlarni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar”, deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbarlari 10 aprel kuni koronavirusga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va sa'y-harakatlarni birlashtirish masalalariga bag‘ishlab videoanjuman tarzida o‘tkazilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdan tashqari sammitining samarali natijalarini yuksak baholadilar.

Jumladan, erishilgan kelishuvlarga muvofiq, amaliy tajriba almashish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal qilish uchun o‘zaro muvofiqlashgan tarzda ishlash maqsadida yaqin kunlarda Turkiy kengash mamlakatlari sog‘liqni saqlash va transport vazirliklari rahbarlarining turkum onlayn-uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarni batafsil muhokama qildilar. Joriy yil fevral oyida Anqara shahrida o‘tgan Strategik hamkorlik kengashi birinchi majlisi yakunida qabul qilingan qarorlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmi sur'atlarini saqlab qolish, ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokidagi, birinchi navbatda, innovatsiya, energetika, transport, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi ustuvor investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish borasida hukumatlar darajasida choralar ko‘rish muhimligiga e'tibor qaratildi.

Shu maqsadda Hukumatlararo qo‘shma komissiya hamraislari, O‘zbekiston va Turkiya vakolatli vazirlik va idoralari rahbarlarining ikki tomonlama maslahatlashuvlarini muntazam o‘tkazib borishga kelishib olindi.

Suhbatda mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatga doir qator dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid