O‘zbekiston | 22:08 / 23.04.2020
5281
3 daqiqa o‘qiladi

Biznes-ombudsman barcha nazorat qiluvchi organlarni tadbirkorlar faoliyatida tekshiruv o‘tkazmaslikka chaqirdi

Koronavirus infeksiyasining tarqalishi faqatgina insoniyat hayotiga tahdid solmay, balki dunyo iqtisodiyoti va ishbilarmonlik muhitiga ham katta talafotlar olib kelmoqda.

Shu jumladan, O‘zbekistonda ham koronavirus pandemiyasi va u bilan kurashish tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati uchun salbiy oqibatlar keltirmoqda. Xususan, mamlakatimizda so‘nggi 5 yil ichida har yili 1 chorak davomida 100 mingdan ko‘proq yangi tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etilib kelingan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich 76,2 mingtani tashkil qildi.

2020 yilning 1 choragida chakana savdo tovar aylanmasi tarkibida ovqatlanish tashkilotlarining savdo aylanmasi 2019 yilga nisbatan 4,3 foizga kamayishi kuzatildi va ko‘plab tadbirkorlik sub'yektlari koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Ushbu holatlar mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatayotganini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va shu davrda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini ta'minlash maqsadida tadbirkorlik sub'yektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish va pandemiya oqibatlarini tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini yumshatish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-sonli va 2020 yil 3 apreldagi PF-5978-son farmonlariga muvofiq, tadbirkorlarga bir qator imtiyoz va preferensiyalar berildi, shu jumladan, 2021 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini soliq auditidan o‘tkazish to‘xtatildi (jinoyat ishlari doirasida va yuridik shaxsni tugatish munosabati bilan soliq auditidan o‘tkazish bundan mustasno).

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020 yil 19 mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy e'lon qilinishi, qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash to‘xtatilishi va bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmasligi lozimligi belgilandi.

Shunga ko‘ra hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini ta'minlash, mamlakatimizdagi tadbirkorlik sub'yektlarini shunday qiyin holatlarda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi biznes-ombudsman nazorat qiluvchi organlarni tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlarni amalga oshirmaslikka chaqiradi.

Biznes-ombudsman matbuot xizmati.

 

Mavzuga oid

E`lonlar