O‘zbekiston | 08:16 / 25.04.2020
3173
3 daqiqa o‘qiladi

Dori vositalarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qo‘yiladi

Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish bo‘yicha javobgarlik belgilash ko‘zda tutilyapti.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videokonferensaloqa shaklidagi yalpi majlisida bir qator masalalar deputatlar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi.

Parlament saytida xabar qilinishicha, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” gi qonun loyihasining ikkinchi o‘qishdagi muhokamasida qizg‘in fikr-mulohazalar bildirildi.

Ushbu hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarining tegishli moddalariga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Jinoyat kodeksining 186-3-moddasiga ko‘ra, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish bo‘yicha javobgarlik belgilash ko‘zda tutilyapti. Shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi taklif etilyapti.

Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda atroflicha ko‘rib chiqildi. Uning aholining sog‘lig‘ini saqlashdagi ahamiyati inobatga olinib, deputatlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid