O‘zbekiston | 08:15 / 25.04.2020
2332
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda axborot xavfsizligini ta'minlashning nazorat tizimi takomillashtiriladi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta'minlashning nazorat tizimi yanada takomillashtiriladi.

Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta'minlashning nazorat tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

“O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlarni tashkil etish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida Nizom”;

“Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasidagi ma'muriy huquqbuzarlik ishlarini yuritish tartibi to‘g‘risida Yo‘riqnoma” tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilot va idoralarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish hamda axborot xavfsizligini ta'minlashning holati yuzasidan o‘tkaziladigan tekshirishlar Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

sohada iste'molchilarga xizmat ko‘rsatadigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarining faoliyatida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish va mualliflik huquqlari sohasida EHM uchun dasturlar tarqatilishida qonun hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan o‘tkaziladigan tekshirishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xabardor qilingan holda amalga oshiriladi;

interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilishida uzilishlar, axborot tizimlarida va tarmoqlarida alohida ommaviy tusdagi buzilishlar holatlari (uzilishlar, to‘xtalishlar, avariya holati va boshqalar) yuzaga kelganda davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilot va idoralar hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan 1 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda yozma yoki elektron tarzda O‘zkomnazorat xabardor qilinadi, shuningdek buzilishlar holatlari bartaraf etilgandan keyin avariya holati bartaraf etilganligi va uning kelib chiqish sabablari yuzasidan ma'lumot O‘zkomnazoratga taqdim etiladi;

O‘zkomnazorat hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari:

qurilayotgan obektlar, bino va inshootlar, turar joy majmualarini doimiy foydalanishga qabul qilish komissiyalari tarkibida;

davlat axborot tizimlarini doimiy foydalanishga qabul qilish bo‘yicha komissiyalar tarkibida ishtirok etadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sodiqov) O‘zkomnazorat (Xo‘jayev) bilan birgalikda uch oy muddatda:

aloqa, axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar va davriy bosma nashrlarni tarqatish xizmatlari sifat ko‘rsatkichlari va normativlarini, shuningdek davriy bosma nashrlarni tarqatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun hamda pochta, kurerlik xizmatlarini ko‘rsatishda pochta xavfsizligi bo‘yicha tegishli normalarni ishlab chiqadi;

telekommunikatsiya tarmoqlarining ustunlik qiluvchi operatorlari va provayderlari boshqa operator va provayderlarga shaffoflik va huquqlarni cheklamaslik prinsipi asosida telekommunikatsiya infratuzilmasiga kirishini ta'minlashlari yuzasidan talablarni belgilovchi normativ hujjat ishlab chiqadi va o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlaydi.

O‘zkomnazorat (Xo‘jayev):

har chorak yakuniga qadar davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilot va idoralar, shuningdek sohada iste'molchilarga xizmat ko‘rsatadigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning faoliyatida o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma'lumot kiritib boradi.

ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda axborot tizimlari va resurslari, elektron davlat xizmatlari joriy etilganligi va axborot xavfsizligi talablarini, “Elektron hukumat” va “Raqamli iqtisodiyot” tizimlarini tashkil etish holati yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va idoralarda “Yagona davlat reytingi” elektron axborot tizimini ishga tushiradi;

uch oy muddatda:

qurilishi tugallangan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar obektlarini foydalanishga qabul qilish bo‘yicha (qabul.gis.uz);

O‘zkomnazoratga jismoniy va yuridik shaxslardan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish va mualliflik huquqlari sohasida EHM uchun dasturlar tarqatilishi sohasi xizmatlari yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni qayd qilish, nazoratini olib borish va tahlil qilish bo‘yicha (murojaat.gis.uz);

O‘zkomnazorat tomonidan aloqa, axborotlashtirish, telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarini tarqatish va mualliflik huquqi sohalaridagi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish holatini tekshirish natijasida aniqlangan ma'muriy huquqbuzarlik holatlarini qayd qilish, umumlashtirish va hisobini yuritish bo‘yicha (admin.gis.uz) avtomatlashtirilgan axborot tizimlari kompleksini yaratadi.

O‘zkomnazoratning avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini yaratish bo‘yicha loyihalarini amalga oshirishni moliyalashtirish manbasi etib O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari belgilanadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sodiqov) O‘zkomnazorat (Xo‘jayev) bilan birgalikda mobil aloqa, Internet va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatuvchi operatorlar, provayderlar va boshqa korxonalarning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga xizmat ko‘rsatuvchi «Call-markaz»lariga yagona talablarni o‘rnatish choralarini ko‘radilar.

Qurilish vazirligi (Zokirov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sodiqov) va O‘zkomnazorat (Xo‘jayev) bilan birgalikda:

yangi qurilgan turar-joylarni foydalanishga qabul qilish jarayoniga O‘zkomnazorat va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari kiritilishi;

yangi qurilayotgan turar-joylarga aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya tarmoqlarini qurish xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega korxonalar tanlov asosida jalb etilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid