11:28 / 27.04.2020
5319

Koronavirus pandemiyasi davrida 3 mingga yaqin ishsiz aholi jamoat ishlariga jalb etildi - Migratsiya agentligi

Toshkent shahrida pandemiya sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarning bandligini ta'minlashga e'tibor qaratilmoqda, deya xabar berdi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.

Foto: KUN.UZ

Koronavirus pandemiyasining mehnat bozoriga, mehnat munosabatlari va aholi bandligiga salbiy ta'sirini yumshatish, ishsiz va xorijga ishlash uchun keta olmagan, shuningdek, karantin chora-tadbirlari davomida vaqtinchalik ishsiz qolgan fuqarolar bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamkorligida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, deyiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabarida.

Bildirilishicha, bugungi kunda Toshkent shahrida faoliyati to‘xtagan korxona va tashkilotlar tuman, shaharlar kesimida tahlil qilinganda savdo va umumiy ovqatlanish, qurilish, xizmat ko‘rsatish hamda boshqa sohalardagi korxonalarda 7490 nafar aholining ishsizligi ma'lum bo‘ldi.

Joriy yilning 22 aprel holatiga ko‘ra, 2 ming 809 nafar ishsiz aholi “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlari orqali mahalla hududlarini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, tadbirkorlik sub'yektlari, turli korxona va tashkilotlar, hududlarda olib borilayotgan dezinfeksiya ishlari ko‘lamini kengaytirish maqsadida mahallalar, ko‘chalar, bozorlar hamda boshqa jamoat joylarini dezinfeksiya qilish, yakka yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolarga ko‘maklashish, asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘chma savdo shoxobchalariga va boshqa jamoat ishlariga jalb qilingan. Bugungi kunga qadar turli ishlarga jalb etilgan fuqarolarga avans tariqasida 389 million so‘m ish haqi to‘landi.

Karantin davrida kelib tushgan 625 murojaatning 392 tasi yuzasidan mehnat qonunchiligi bo‘yicha tushuntirish berildi. Bitta holat bo‘yicha ish beruvchiga yozma ko‘rsatma yuborildi, ikkita holat bo‘yicha mas'ul shaxslarga nisbatan ma'muriy jarima qo‘llanildi.

Top