O‘zbekiston | 17:30 / 27.04.2020
50991
4 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati kengashi shahar kengashi qarorini bekor qildi. Endi deputat jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin

Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi Namangan viloyati prokurori tomonidan kiritilgan taqdimnomani ko‘rib chiqib, avvalroq Namangan shahar kengashining shahar kengashi deputati T.Muxammadiyevga oid ish bo‘yicha chiqarilgan qarorini bekor qilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar qilishicha, Namangan viloyati prokurori 21 aprel kuni viloyat Kengashiga shahar kengashi chiqargan qarorlarni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritgan.

Mazkur taqdimnoma 25 aprel kuni viloyat kengashida ko‘rib chiqilib, Namangan shahar kengashining 16 apreldagi 21/06-sonli qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan. 

Namangan shahar kengashining 19 apreldagi 26/04-06-sonli qarori bekor qilingan va deputatni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan. 

Shu bilan birgalikda, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 15 aprel kuni xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati va IIB xodimlari o‘rtasida mojaro yuzaga kelgandi. Ichki ishlar vazirligi avtomashinasini majburiy sug‘urta qilishni unutgani uchun ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatilgan xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati profilaktika inspektorining telefonini sindirgani, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan boshqa xodimning pogoni va xizmat ko‘krak nishonini yulib olgani haqida ma'lum qilgandi.

Ichki ishlar matbuot xizmati xabari tomonidan keltirilgan video sarlavhasida «bosar-tusarini bilmagan deputat» iborasi qo‘llangandi.

Lekin ma'lum bo‘lishicha, ushbu videoda vaziyat to‘liq aks ettirilmagan.

16 aprel kuni mazkur holat yuzasidan Kengash roziligi asosida shahar prokuraturasi tomonidan JKning 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

19 aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputatni himoya qilib chiqdi va Kengash qarori bilan Namangan shahar prokuroriga shahar IIOV FMB-sonli profilaktika katta inspektori I.I. Abduraxmonov, IIB YHXB ispektori X.I. Ziyoviddinov va voqeada ishtirok etgan boshqa xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish va belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rish vazifasi topshirildi.

21 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP a'zosi Doniyor G‘aniyev 22 nafar deputatning Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga kiritgan takliflari bayon etilgan murojaatini e'lon qildi. Unda YPX inspektorining xizmat bodikamerasiga yozib olingan voqea videosini to‘liq shaklda (montajsiz) jamoatchilikka oshkor qilinishi hamda voqeaning yakuniy muhokamasi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga vazirlik tomonidan axborot berilishi so‘ralgan.

23 aprel kuni IIV ushbu so‘rovga javob yo‘lladi. Unda ishga taalluqli barcha materiallar, shu jumladan, voqea joyida olingan videotasvirlar belgilangan tartibda prokuratura organlariga taqdim etilgani ma'lum qilingan. Shu bilan birga, OAV orqali e'lon qilinadigan xabar va ma'lumotlarni tayyorlashda vazirlik tizimidagi axborot va matbuot xizmatlari xodimlarining qonuniylik, xolislik va kasb etikasi talablariga rioya qilishlari yuzasidan qat'iy talablar belgilanib, mas'ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berilgani qayd etilgan.

Mavzuga oid