Jahon | 01:05 / 29.04.2020
4424
4 daqiqa o‘qiladi

Fransiyaning karantindan chiqish rejasi: haftasiga 700 ming kishi koronavirusga testdan o‘tkaziladi

Foto: AP /Jean-Francois Badias

Hukumat rahbarining ta'kidlashicha, ilgari faqat kasallik alomati bo‘lganlar tekshirilgan bo‘lsa, endilikda qamrov kengroq olinadi.

Fransiya hukumati 11 maydan boshlab so‘ng haftasiga kamida 700 mingta koronavirus testini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Eduar Filipp ma'lum qildi.

"Izolyatsiyadan chiqqanimizdan so‘ng testlar sonini oshirishimiz talab qilinadi. 11 maydan boshlab haftasiga 700 mingta test o‘tkazishni oldimizga vazifa qilib qo‘ydik", dedi u.

Qamrov keng ko‘lamli bo‘ladi

Hukumat rahbarining ta'kidlashicha, ilgari faqat kasallik alomati bo‘lganlar tekshirilgan bo‘lsa, endilikda qamrov kengroq olinadi.

"Ilmiy kengash 11 maydan keyin kuniga mingtadan uch mingtagacha yangi holat qayd etilishi mumkinligini bildirdi. Har bir yangi holat qo‘shimcha 20-25 kishini tekshiruvdan o‘tkazishga olib keladi", - dedi u.

Filipp asosiy tekshiruvlar ijtimoiy-tibbiy muassasalar, jumladan qariyalar uylarida o‘tkazilishini aytdi. Testlar davlat ijtimoiy sug‘urtasi hisobidan qoplanadi. Bundan tashqari, xususiy laboratoriyalar ham testlar o‘tkazishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

"Mamlakat uzoq vaqt karantin holatida bo‘la olmaydi. Uzoq istiqbolda bu Fransiya uchun salbiy oqibatlar keltirishi mumkin. Iqtisodiy sohada inqiroz bo‘lishi mumkin", - deb ta'kidladi Filipp.

Hukumat boshlig‘i korxonalardan 11 mayda cheklovlar olib tashlanishi boshlanganidan so‘ng yana uch hafta davomida masofadan ishlash rejimini saqlashni so‘radi.

Qahvaxona va restoranlar ochilmaydi

Bog‘lar va parklar faqat "virus faol aylanmaydigan" hududlardagina ochiladi.

"Plyajlar kamida 1 iyungacha omma uchun ochilmaydi", - deb qo‘shib qo‘ydi Filipp.

Uning ma'lum qilishicha, yig‘ilishlarda 10dan ortiq kishi qatnashishi chegaralanadi. To‘ylar o‘tkazilmaydi. Besh ming kishidan ko‘p ishtirokchi qatnashadigan tadbirlar sentyabrgacha o‘tkazilmaydi.

Mamlakatdagi tijorat korxonalarining ko‘pchiligi 11 maydan boshlab ochiladi, ammo qahvaxona va restoranlar kamida iyun kelishini kutadi.

"Biz restoranlar, qahvaxona va barlar borasida may oxirida qaror qabul qilamiz. Ular 2 iyundan ochilishi mumkin yoki yo‘qligini muhokama qilamiz", - dedi Filipp.

Plyajlar, katta muzeylar, kinoteatrlar, teatr va konsert zallari 11 maydan keyin ham ochilmaydi.

Bog‘cha va maktablar bosqichma-bosqich ochiladi

Filipp shuningdek, o‘rta maktablar 18 maydan boshlab ochilishini ma'lum qildi.

"Hukumat 11 maydan bolalar bog‘chalari va boshlang‘ich maktablarni ko‘ngilli asosda ochishni taklif qiladi. Ikkinchi bosqichda, 18 maydan kollejlarni ochish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz", - dedi u.

U kollejlarda cheklovlar amal qilishini, xususan, sinflardagi o‘quvchilar soni 15 nafargacha bo‘lishini aytdi. Bundan tashqari, o‘quvchilar oradagi masofaga rioya qilish va albatta niqobda bo‘lishi shart.

Litseylarni ochish to‘g‘risidagi qaror may oyi oxirida qabul qilinadi.

Filippning so‘zlariga ko‘ra, cherkovlar, masjidlar va boshqa ibodat maskanlari 11 maydan so‘ng ochiladi, ammo hukumat ulardan kamida 2 iyungacha ibodat qiluvchilarni to‘plamasligini so‘ramoqda.

Fransiya sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 128,3 mingdan oshgan, 23 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid