Jahon | 09:00 / 30.04.2020
23753
2 daqiqa o‘qiladi

JSST Rossiyadan Tojikiston va Turkmanistonda epidemiyaga qarshi kurashda yordam berishni so‘radi

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge Rospotrebnadzor rahbari Anna Popovaga murojaat qilib, Tojikiston va Turkmanistonda JSST missiyasiga yordam berishni iltimos qildi. 

Foto: Global Look Press

“Men ekspert missiyasi ishida ishtirok etish uchun markazingiz mutaxassislarini jalb qilishda yordam so‘ramoqchiman”, deb aytgan Klyuge.

Ta'kidlanishicha, Tojikiston va Turkmanistonda koronavirusga chalinish holatlari rasman qayd qilinmagan bo‘lsa-da, atipik zotiljamdan o‘lim holatlari ko‘paygan. Klyuge Rossiya yordami texnik va siyosiy jihatdan  muhimligini ta'kidlab o‘tgan. 

“Bu davlatlardagi vaziyat meni tashvishlantirmoqda”, deb aytgan JSST vakili.

Klyuge Rossiyadan Tojikiston va Turkmaniston rahbarlariga JSSTning koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tavsiyalariga e'tiborlik bilan munosabatda bo‘lishlari kerakligini yetkazib qo‘yishni iltimos qilgan.

Ayni vaqtda Tojikiston hukumati koronavirusga chalinish holatlari qayd qilinmaganini aytib kelmoqda, biroq mamlakatda infeksiya tarqalishi oldini olish uchun choralar ko‘rilmoqda. Mamlakatda oxirgi kunlarda zotiljamdan bir nechta o‘lim holati qayd qilingan.  

Jumladan, ko‘chalar, bog‘lar, ta'lim muassasalari va tashkilotlar binolari dezinfeksiya qilinmoqda. 27 apreldan 10 maygacha maktablar va bolalar bog‘chalarida “rejadan tashqari ta'til” e'lon qilindi. Shuningdek, jamoat va sport tadbirlari, namoyishlar o‘tkazilishi vaqtinchalik taqiqlandi, masjidlar va cherkovlar, kinoteatrlar va teatrlar yopildi.

Ayni vaqtda Turkmanistonning rasmiy idoralari ham mamlakatda koronavirusga chalinish holatlari yo‘qligini ta'kidlab kelishmoqda. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid