Tasavvur qiling, oltitadan beshtasida o‘q joylashgan to‘pponcha qo‘lingizda turibdi. Peshonangizga tirab, ota olmaysiz, to‘g‘rimi? Ehtimol katta chunki. Ammo agar beshta emas, faqat bittasida o‘q bo‘lsachi? Ehtimol, besh baravar pasaydi. Lekin peshonangizga tirab, ota olasizmi? Yo‘q. Chunki xavf katta – o‘lim. Ehtimol qanchaligi bir tiyin...

Biz asosan dunyo olimlarining, davlatlarning virusga qarshi qanday kurashib, qanday natijalarga erishayotgani haqida ko‘p yozmoqdamiz, o‘qimoqdamiz. Ammo bugun aslida yanada muhimroq bo‘lgan uchinchi front haqida fikr yuritmoqchiman.

Urush haqidagi kinolarni ko‘rganimda, asarlarni o‘qiganimda, so‘nggi kunlardagi yo‘qotishlar ko‘proq ta'sir qiladi. To‘g‘ri, inson hayoti o‘lchanganda, doim qadrli, lekin farqi bor — eng og‘ir davrda, urush o‘chog‘ida vafot etgan inson o‘sha shartlardagi umrini, so‘nggi kunlarda esa, tinchlik davrda o‘tishi mumkin bo‘lgan umrini qurbon qilayotgan bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushida Berlinni bosib olishda qatnashgan general Aleksandr Gorbatov o‘sha operatsiya haqida shunday deydi:

«Harbiy nuqtayi nazardan, Berlinga hujum qilish xato bo‘lgan. Shaharni shunchaki qamal qilish va bir necha kun kutish kifoya edi — oxiri taslim bo‘lishdan boshqa choralari qolmasdi. Biz esa, g‘alaba ostonasida turgan holatda, shahar ko‘chalaridagi qarshilikdan yuz mingga yaqin askar yo‘qotdik. Ularning har biri bu yo‘lda qanday kunlarni boshdan kechirgan, ertaga onamni, ayolimni, bolalarimni ko‘raman, degan orzu bilan yonayotgan oltinga teng insonlar edi».

Odamlar bilan odamlar urushadigan jahon urushlaridan farqli ravishda koronavirus kurashi bir necha frontlarda kechmoqda.

Birinchisi, dunyodagi vaziyat,  ikkinchisi, O‘zbekistondagi vaziyat bo‘lsa, uchinchisi, faqat o‘zimiz va koronavirus o‘rtasidagi front — atrofimiz qay darajada virusni yengayotgani yoki yengilayotganidan qat'i nazar, o‘z urushimiz ham bor: o‘zimizni va oilamizni asrashimiz kerak. Masofa saqlaymiz, gigiyenaga rioya qilamiz, o‘zimizni izolyatsiyaga olamiz, qari ota-onalarimizni ehtiyot qilamiz va hokazo. 

Dunyoning koronavirusga qarshi kurashi aynan bugun qanday holatda, O‘zbekiston qaysi bosqichga keldi, bu tomoni hech kim uchun aniq emas, axir bu ko‘rinmas dushman — uning kuchini noto‘g‘ri baholash yomon oqibatlarga olib kelishining ham guvohi bo‘ldik. Lekin katta ehtimol bilan mamlakatimizda vaziyat ancha barqarorlashgan, nazoratga olinganidan darakki, turli jabhalarda karantin shartlarini yengillashtirish qarorlari chiqib boryapti.

Ha, balki butun dunyoda ham shunaqadir, virus chekinishni boshlagan, balki biz urushning so‘nggi bosqichidadirmiz.