Jahon | 22:25 / 04.05.2020
99481
7 daqiqa o‘qiladi

Bir falokatda o‘n minglab qurbon: to‘g‘onlarda yuz bergan eng yirik avariyalar

Dunyoda suvni u yoki bu shaklda boshqarib turuvchi va inson manfaatlari uchun xizmat qiluvchi minglab to‘g‘onlar, suv omborlari va GESlar mavjud. Tarix bu inshootlarning turli sabablarga ko‘ra buzilishi va suvning katta bosim bilan otilib chiqishiga ko‘p bor guvoh bo‘lgan. Ulardan ayrimlari haqidagi ma'lumotlarni e'tiboringizga havola qilamiz.

Avvalo ta'kidlash joiz, biz har ikkisini to‘g‘on deb ataydigan plotina va dambalarning bir-biridan farqi bor. Dambalar (to‘g‘onlarga ko‘proq yaqin) odatda katta bosimni jilovlashga emas, suvni yo‘naltirish va hududni suv bosishdan saqlashga, jumladan daryolar suvlarini boshqarishga xizmat qiladi.

Plotinalar esa odatda suv omborlari uchun, aynan yuqori bosimni boshqarish, suvni inson belgilagan darajaga ko‘tarish, zarur bo‘lganda taqsimlab berish va ko‘p hollarda elektr energiya olish uchun qo‘llaniladi. «Sardoba» suv omboridagi holat ham aynan plotina buzilishidir.

Vayont plotinasidagi dahshat (Italiya)

Italiyada kechgan bu falokatni hali-hanuz yaxshi eslashadi. Belluno muzofotidagi Vayont daryosi ustida 1961 yilda qurilgan arkasimon beton plotina balandligi 261,6 metrga teng edi.

1963 yilning 9 oktyabrida, tungi soat 22:39da insoniyat tarixidagi eng yirik avariyalardan biri sodir bo‘ldi. Suv ombori «kosa»siga 45 soniya ichida 200-300 metr kub hajmdagi tog‘ massalari qulab tushdi va 150-250 metr balandlikdagi to‘lqin hosil qilib, 50 mln metr kub suv katta tezlikda otilib chiqishiga sabab bo‘ldi.

Suv oqimi 8-12 m/s tezlikda va 90 metr balandlikda shiddat bilan yoyiladi, atigi 4 daqiqa ichida yon atrofni vayron qiladi.

Turli ma'lumotlarga qaraganda, falokat natijasida 2500-3000 odam halok bo‘lgan.

Avliyo Fransisk to‘g‘onidagi fojyea (AQSh)

Foto: Los Angeles Times

Avliyo Fransisk (Sent-Frensis) plotinasi arkali-gravitatsion qurilma bo‘lib, Los-Anjyeles shahrini suv bilan ta'minlash maqsadida 1924-1926 yillarda qurilgandi.

Balandligi 59 m, sig‘imi 47 mln. metr kub bo‘lgan bu qurilma barpo etilganidan ikki yil o‘tib, 1928 yilning 12 martida o‘pirilib ketdi. Fojia oqibatida 431 kishi qurbon bo‘ldi.

Sud plotina qurilishiga boshchilik qilgan Vilyam Malxollandni aybsiz deb topdi, ammo u umrining oxirigacha vijdon azobida yashab o‘tdi.

Malpasse plotinasi (Fransiya)

Foto: F Fillon

Fransiyaning Frejyus shahri yaqinidagi Reyran daryosiga qurilgan arkasimon plotina ichimlik va sug‘orish uchun suv saqlashga mo‘ljallangandi. Garchi bu inshoot haqida 1865 yildan boshlab rejalar tuzilgan bo‘lsa-da, pul tanqisligi tufayli loyihalash 1941 yilda, qurilish esa 1952 yilda boshlandi va 1954 yilda tugallandi.

Qurilish jarayonida ishchilar maosh kamligidan ish tashlayverishi oqibatida rahbariyat betondan iqtisod qilgani haqida ma'lumotlar bor.

5 yil davomida bu suv ombori ishlab turganini omad deb atash mumkin. Sababi, qurg‘oqchilik tufayli inshootning yarmi ham to‘lmagandi. 1959 yilning 19 noyabrida dastlabki tirqishlar paydo bo‘ldi va 2 dekabrda to‘g‘on o‘pirilib, 40 metrli suv 70 km/soat tezlikda oqib ketdi.

Eng katta talafotni dastlabki qishloqlar – Malpasse va Bozon ko‘rdi. To‘lqin Frejyus shahriga ham yetib bordi va shaharning yarmi suvda qoldi.

Falokat natijasida, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 423 kishi qurbon bo‘lgan, ularning 135 nafari bolalar edi.

Brumadinyu to‘g‘oni (Braziliya)

Foto: EPA-EFE/Antonio Lacerda

Braziliyaning Minas-Jyerays shtatida 2019 yilning 25 yanvarida ro‘y bergan to‘g‘on o‘pirilishining o‘ziga xos jihati shunda ediki, 2015 yilda inshootga egalik qiluvchi Vale kompaniyasiga tegishli Bentu-Rodrigesdagi boshqa bir to‘g‘on ham avariyaga uchragandi.

Brumadinyu to‘g‘oni o‘pirilishi ko‘plab ishchilarning yaqin joyda to‘planib turgan vaqtiga to‘g‘ri kelgan. Falokat natijasida rasman 248 kishi halok bo‘lgani va 22 kishi bedarak yo‘qolgani qayd etilgan.

Sayano-Shushenskoy GESidagi avariya (Rossiya)

Foto: gelio.livejournal.com

Rossiyaning markaziy-janubiy hududidan oqib o‘tgan Enasoy daryosi bo‘yidagi Sayano-Shushenskoy GESi – quvvati jihatdan mamlakatdagi eng yirik GES sanaladi.

2009 yilning 17 avgustida ro‘y bergan texnogen falokat nafaqat Rossiya, balki dunyo miqyosidagi eng ulkan avariyalardan biri sifatida tarixga kirdi va mamlakat budjetiga 50 mlrd rubl (o‘sha vaqtda 1 mlrd AQSh dollaridan ko‘proq) zarar keltirdi.

Suv 245 metr balandlikdan shiddat bilan yopirilgan.

Gidroenergetika sohasidagi eng ulkan avariyalardan biri natijasida 75 kishi qurbon bo‘ldi, ulkan hududda ekologik falokat kuzatildi, katta maydon yaroqsiz holga keldi, energiya ta'minoti izdan chiqdi.

O‘sha vaqtda favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lgan Sergey Shoygu (hozirda mudofaa vaziri) bu avariyani Chernobil avariyasiga qiyoslagan.

Bansyao plotinasi – 1,7 mlrd metr kub suv otilishi (Xitoy)

Foto: Wikimedia

Xitoyning Xenan muzofotida ro‘y bergan bu dahshatli fojia uzoq vaqt sir tutib kelindi.

Bansyao plotinasi 1950 yillarda qurilgandi. Ammo qurilish tugagach ko‘p o‘tmay, unda yoriqlar paydo bo‘la boshlagan. Ta'mirdan keyin unga «temir damba» deya ta'rif berilib, endi buzilmasligi e'lon qilingan.

Damba ming yilda bir sodir bo‘ladigan, ya'ni hudud uchun sutkasiga 306 mm.gacha kuchli yog‘inlarga mo‘ljallab qurilgandi. Lekin odatda yiliga o‘rta hisobda 800 mm yog‘in bo‘ladigan bu muzofotda 1975 yilda 2 ming yilda bir kechadigan kuchli yog‘in kuzatildi – sutkasiga 1631 mm. ko‘rsatkich qayd etildi.

Natijada o‘sha yilning 8 avgustiga kelib, shlyuzlar bu qadar katta bosimni ko‘tara olmadi va 62ta plotina birin-ketin o‘pirilib tushdi hamda umumiy hisobda 1,7 mlrd metr kub suv shitob bilan aholi punktlari ustiga otildi.

Mahalliy aholi vakillari hodisani «daryo ajdahosi yopirilishi» deya ta'riflagan: eniga 12 km.ga cho‘zilgan, bir necha metr balandlikdagi toshqin o‘n minglab kishini hayotdan olib ketdi.

Nobud bo‘lgan odamlar soni turlicha keltiriladi. Rasmiy ma'lumotlarda 26 ming kishi suv ostida qolib o‘lganini qayd etilgan. Ammo boshqa manbalarda 173 mingdan 230 ming nafargacha inson, 300 ming boshdan ortiq qoramol qurbon bo‘lgani aytiladi.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid