Jahon | 21:04 / 04.05.2020
5357
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqi koronavirusdan vaksina ishlab chiqilishiga bir milliard yevro ajratdi

Yevropa ittifoqi koronavirusdan vaksina yaratish bo‘yicha xalqaro sa'y-harakatlarni moliyalashtirish uchun bir milliard yevro ajratdi.

Foto: Reuters

Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen vaksinani yaratish uchun mablag‘lar yig‘ilishi bo‘yicha xalqaro donorlik onlayn-anjumanini ochish vaqtida ma'lum qildi.

“Men Yevrokomissiya xalqaro sa'y-harakatlarga bir mlrd yevro miqdorida o‘z badalini qo‘shayotganini e'lon qilishdan xursandman. Dunyo vaksina yaratilmaguncha koronavirus bilan yashashiga to‘g‘ri keladi, shu sababli biz vaksina va tashxislash vositalarini yaratish uchun kuchlarni birlashtirishimiz lozim. Biz bu vositalar dunyoning barcha burchaklariga yetib borishi va har bir kishiga tegishiga erishishimiz lozim. Bu maqsadlar uchun 7,5 mlrd yevro yig‘ishimiz kerak, biroq bu boshlanishi, bugun mablag‘ yig‘ish bo‘yicha uzoq davom etuvchi marafon boshlanadi”, deb aytgan fon der Lyayyen. 

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish anjuman ochilishida pandemiyani to‘xtatish va undan davolash vositalarini ishlab chiqish uchun 7,5 mlrd yevrodan kamida 5 marta ko‘proq mablag‘ talab etilishini ta'kidlab o‘tgan.

Mablag‘lar 2 hafta davomida yig‘iladi. Onlyn-anjuman tashkilotchilari Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Norvegiya, Saudiya Arabistoni (Katta yigirmatalik raisi sifatida), Fransiya va Yaponiya hisoblanadi. Bundan tashqari, 8 tuzilma tadbir hamkorlari bo‘lib, ular orasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Bill va Melinda Geyts jamg‘armasi, Vaksina va emlash bo‘yicha global alyans bor.

Mart boshida Yevrokomissiya koronavirusdan vaksina va tashxislash vositalari ishlab chiqilishiga 90 mln yevro ajratgan. Keyinroq koronavirusga qarshi kurashga qaratilgan 17 ta loyihani moliyalashtirishga yana 47,5 mln yevro ajratilgan.

Mavzuga oid