Toshkent viloyatida Human.uz sayti jurnalisti faoliyatiga to‘sqinlik qilindimi?
30 aprel kuni Human.uz saytining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda rasmiy veb-saytida ushbu onlayn axborot nashri xodimlarining jurnalistik faoliyatiga to‘sqinlik qilingani haqida videolavha joylashtirildi.
Voqea ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, ayrim vazirlik va idoralar ham o‘z munosabatlarini bildirdi.
Bu borada Toshkent viloyati hokimligi va viloyat IIBB Axborot xizmatlari ham o‘z e'tirozlarini bayon qildi.
Shu o‘rinda, ta'kidlashni istardikki, Toshkent viloyati hokimligi va viloyat IIBB Axborot xizmatlari taqdim etgan videolavhada mazkur hodisa yuzasidan mustaqil surishtiruv o‘tkazayotgan Kun.uz muxbirining ko‘rinish berishi hamda sayt mikrofonining namoyish etilishi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida haqli e'tirozlarni uyg‘otdi.
Shu munosabat bilan, qayd etish lozimki, Kun.uz saytining muxbiri, uning logotipi tushirilgan mikrofoni yoki saytning boshqa taniqli belgilari ijtimoiy tarmoqlarda boshqa foydalanuvchilar tomonidan namoyish etilishi Kun.uz saytining rasmiy pozitsiyasini anglatmaydi.
Alohida qayd etish joizki, Toshkent viloyat hokimligi va IIBB axborot xizmatlari yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatib, rasman uzr so‘rashdi.
Keling, endi asosiy savolga javob izlasak. Toshkent viloyati Toshkent tumanida Human.uz sayti jurnalisti faoliyatiga to‘sqinlik qilinganmidi?
Biz voqeaning barcha ishtirokchilari, ya'ni tuman hokimi Odilxon Rustamov, IIB boshlig‘i polkovnik Ibrohim Hasanov, tuman 10-IIB boshlig‘i podpolkovnik Yoqub Komilov, YPX inspektori Rustam Karimov, Toshkent viloyati hokimligi matbuot kotibi Behzod Qobulov, viloyat IIBB Axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov, jurnalist Xurshid Daliyev hamda Human.uz saytiga murojaat qilgan tadbirkor bilan uchrashib, bo‘lib o‘tgan hodisa bo‘yicha izoh oldik.
Sarlavhadagi savolga javob topishni o‘quvchining o‘ziga qoldiramiz. Aytadigan so‘zimiz shuki, ommaviy axborot vositalari xodimlari xalq dushmani emas, ular ham shu jamiyatning to‘laqonli a'zosi, ular ham maoshidan soliq to‘laydigan fuqarolar.
Qolaversa, davlat rahbariyati tomonidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida siyosiy iroda namoyish qilinmoqda. Bu nazoratni esa aynan xolis ommaviy axborot vositalarigina ta'minlay oladi.
Kamchiliklar, muammolarni ko‘rsatish esa, masalani o‘z vaqtida ijobiy hal etishga, kimningdir poymol bo‘layotgan huquqini tiklashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, mahalliy idoralar va ommaviy axborot vositalarining hamkorligi yanada kuchaysa, bundan faqatgina jamiyat yutadi.
Mavzuga oid
13:38
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
22:14 / 05.11.2024