Buyuk Britaniyada koronavirus sabab o‘limlar soni keskin oshib ketishi va mamlakatning Yevropadagi eng ko‘p o‘lim holati qayd etilgan davlatga aylanishiga hukumat tomonidan ketma-ket yo‘l qo‘yilgan xatolar sabab bo‘ldi.

6 may kuni ushbu mamlakatda virus tufayli vafot etganlar soni 30 ming 76 kishiga yetdi. Ushbu qo‘rqinchli raqamlar Britaniyani o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda AQShdan keyingi ikkinchi o‘ringa olib chiqdi.

Vaqt qo‘ldan boy berildi

Buyuk Britaniyani ushbu dahshatli nuqtaga sudrab kelgan xatolar zanjiri epidemiyaga qarshi kurashga hozirlik ko‘rish uchun vaqt mavjudligiga qaramay, hukumat uni bekorga sarflagani tufayli yuzaga keldi. Ilk holat 31 yanvar kuni qayd etilgandi. Dastlabki o‘lim esa 6 mart kuni ro‘y berdi. Holbuki, o‘sha payt Italiyada vafot etganlarning umumiy soni 197 nafarga, virus bilan kasallanish holatlari soni 3916taga yetgandi.

12 mart kuni virusga chalinish bilan bog‘liq holatlarni kuzatish bekor qilindi va testlar faqat shifoxonalarda, shunda ham simptom mavjud bemorlarda o‘tkazila boshlandi.

«Qo‘lingizni yuving» tavsiyasi bilan cheklanildi

Bosh vazir Boris Jonson 6 mart kuni qilgan bayonotida ilk o‘lim qayd etilganiga qaramay, ishlar oldingiday davom etishini aytdi va keskin choralar ko‘rish o‘rniga, 20 soniya davomida qo‘lni yuvish bo‘yicha xalqqa maslahat berdi.

Parvozlar to‘xtatilmadi

Yevropaning boshqa ko‘plab mamlakatlari reyslarni bekor qilgan paytda ham Angliya parvozlarni to‘xtatmadi. Hatto hukumatning ilmiy maslahatchilari parvozlarning taqiqlanishi epidemiya sur'atiga deyarli ta'sir ko‘rsatmasligini ta'kidlashdi.

Mart oyi o‘rtalarida virusga chalinish bilan bog‘liq holatlar nazorati to‘xtatildi, test o‘tkazish cheklandi

12 mart kuni Italiyada o‘lim holatlari soni 1000dan oshdi, Angliyada esa 10 nafarga yetdi.

O‘sha kuni Jonson hukumatning «Kobra» deb nomlangan favqulodda holat qo‘mitasi majlisidan so‘ng 4 bosqichli epidemiya rejasining «nazorat» bosqichidan «virus tarqalishini kechiktirish» bosqichiga o‘tilganini ma'lum qildi.

Jonson garchi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi o‘z tarixidagi eng yomon inqirozni boshdan kechirayotganini ta'kidlasa-da, «Yana ko‘plab oilalar o‘z yaqinlarini bevaqt yo‘qotishlari mumkin», desa-da, karantin yoki shunga o‘xshash chora-tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilmadi.