O‘zbekiston | 16:50 / 07.05.2020
5505
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 7 mingdan ortiq xonadonda tabiiy gaz ta'minoti tiklandi

Gaz quvurlarining shikastlangan va 2 dona gaz taqsimlash qurilmalari texnik soz holatga keltirildi va qayta tiklandi. 

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Energetika vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi va undan keyingi toshqinlar natijasida yuzaga kelgan gaz ta'minotidagi uzilishlarni qayta tiklash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “Sardoba” suv omboridagi suv toshqini natijasida Sardoba tumani “Qo‘rg‘ontepa”, “Do‘stlik”, “Yurtdosh”, Oqoltin tumani “Shodlik”, “Saxovat”, “Ahillik” va Mirzaobod tumani “Navbahor”, “Chinobod”, “Barlos” mahallaridagi 66 km gaz quvurlari, 47 dona gaz taqsimlash qurilmalari hamda 7 550 dona maishiy gaz ballonlariga zarar yetdi. Buning natijasida jami bo‘lib 12 060 ta iste'molchilarda, shundan tabiiy gazdagi 6 865 ta aholi xonadonlari va 5 195 ta suyultirilgan gaz ta'minotidagi xonadonlarda gaz ta'minotida uzilishlar bo‘ldi.

“Hududgaz Sirdaryo” mas'uliyati cheklangan jamiyati xodimlari tomonidan toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun 50 nafar soha mutaxassislari, 45 ta avtotransport vositalari jalb qilingan. Shundan 6 ta yengil avtotransport, 23 ta maxsus “Isuzi” va 16 ta maxsus yo‘lovchi tashuvchi “Gazel” avtotransport vositalari jalb etilgan. 

Amalga oshirilgan ishlar natijasida, gaz quvurlarining shikastlangan va 2 dona gaz taqsimlash qurilmalari texnik soz holatga keltirildi va qayta tiklandi. Natijada Sardoba tumani “Paxtaobod” shaharchasidagi 3 117 ta, Oqoltin tumanidagi 3 748 ta aholi xonadonlarida va shu hududlardagi mavjud 192 ta ulgurji iste'molchilarda tabiiy gaz ta'minoti to‘liq tiklandi.

Shuningdek, toshqin sababli boshqa hududlarga evakuatsiya qilingan aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta'minlash uchun 223,7 tonna suyultirilgan gaz va 1 000 dona maishiy gaz ballonlar zaxirasi yaratildi, deyiladi ma'lumotda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid