Fotoreportaj: Qur'onni ko‘zoynaksiz o‘qiydigan 100 yoshli urush qatnashchisi va «UAZ»da urushga otlangan» Boyquvvat bobo haqida
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida 2 nafar urush qatnashchisi Rahmon ota va Boyquvvat bobo bu yil 100 yoshni qarshi oldi.
Sazagan tumani Egriyo‘l qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Rahmon ota Abilov Qur'oni karim oyatlarini ko‘zoynaksiz o‘qishi haqida so‘zlab berdi. Tim qishlog‘idagi Boyquvvat bobo esa harbiylarga «UAZ-469»da sayohat qilish istagi borligini bildirdi. Uni urushga uyidan mana shunday texnikada olib ketishgan ekan.
1942-1944 yillarda 137-sonli motoo‘qchi polkida minomyot hisobida dushmanga qarshi kurashgan Rahmon ota Abilov 82 millimetrli minomyotdan otilgan yondiruvchi snaryad oskolkalaridan jarohatlanadi. Gospitalda 6 oy davolanishdan so‘ng, bir umrga nogiron bo‘lib qolgan urush qatnashchisi uyiga qaytib, texnikumga o‘qishga kiradi. O‘qish va mehnat faoliyati davomida yurtga foydasi tegadigan ko‘plab ishlar qiladi.
Qishloqda 9-umumta'lim maktabini tashkil etib, bu yerda bolalarni 4 sinfgacha o‘qitishni boshlagan. Otaxondan uzoq umr ko‘rish siri so‘ralganda: «Amali to‘g‘ri va adolatli insonlarga o‘lim yo‘q ekan», deya javob qaytardi.
Urush faxriysi 40 yil avval turmush o‘rtog‘ini yo‘qotgan ekan. Farzandlarining qistovlariga qaramasdan, «oilamni notinch qilmay», deb boshqa turmush qilmagan. Suhbat chog‘ida Rahmon ota harbiy xizmatchilarga Mahtumquli she'rlaridan o‘qib berdi.
Harbiy xizmatchilar shu kuni ikkinchi urush qatnashchisi Boyquvvat bobo Sadinovni «UAZ» texnikasida O‘zbekistondagi eng katta poligon – «Kattaqo‘rg‘on» dala o‘quv maydoni bo‘ylab, sayohatga olib chiqdi.
9 may sanasida Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va viloyat hokimligi tomonidan Samarqand, Jizzax hamda Navoiy viloyatlarida istiqomat qilayotgan keksa avlod vakillariga pul mukofoti, medal hamda esdalik sovg‘alar topshirildi.
Harbiy jurnalist G‘ayrat Madrahimov.
Mavzuga oid
16:21 / 06.10.2024
Urushda nemislar tomonida turib jang qilgan sotqin guruhlar
16:28 / 23.08.2024
Molotov-Ribbentrop paktiga 85 yil: sovetlar nega hitlerchilar bilan hamkorlik qilgandi?
15:52 / 09.06.2024
Ikkinchi jahon urushidagi eng yirik sotqinlik – general Vlasov nega o‘z armiyasi bilan nemislar tomonga o‘tib ketgandi?
16:45 / 09.09.2023