«2 oydan beri ishsizmiz, bu yerda yashash juda qimmat…» – Qatardagi o‘zbekistonliklar
Tahririyatimizga turli ish-yumush bilan Qatarga borib, ortga qayta olmayotgan o‘nlab o‘zbekistonliklardan murojaat kelib tushdi.
Vatandoshlarimiz o‘z murojaatida pandemiya sabab ayni vaqtda ishsiz va mablag‘siz qolishgani, oralarida homilador ayollar ham borligi va O‘zbekistonga qaytish uchun aviareyslar tashkil qilinmasa, yanada og‘ir ahvolda qolishlarini bayon qilishgan.
Ular bilan bog‘lanib, holat yuzasidan batafsil ma'lumot oldik.
Yodgor Hayitboyev:
– Men Qatarga 2019 yil dekabr oyida ishlash uchun kelganman. Hozirda koronavirus sababli hamma joylar yopilgan va ishsiz qolganmiz, oyligimiz ham berilgani yo‘q. Shu sababli birinchi bo‘lib Kuvaytdagi O‘zbekiston elchixonasiga charter reys bo‘yicha murojaat qildik. Chunki Qatar davlatida O‘zbekiston elchixonasi yo‘q. Kuvaytdagi elchixonaga hamma ma'lumotlarni jo‘natyapmiz. Ulardan bizga Tashqi ishlar vazirligidan javob kutyapmiz, degan xabar keladi.
Ularni ham tushungan holda, o‘zim Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildim. Reyslar bo‘lishini internet saytlarida e'lon beramiz, deb Saudiya Arabistonidagi elchixonamizning telefon raqamlarini yubordi. Elchixonaga aloqaga chiqsam, ular menga Kuvaytdagi elchixona bilan bog‘lanishimni aytishdi. Ikkita elchixona o‘rtasida sarson qilishdi va hech qanday natija yo‘q.
Men O‘zbekistonga qaytish masalasida, prezidentdan, hukumat a'zolaridan charter reys tashkillashtirilishini so‘rayman.
Qatar arab davlatlari ichida koronavirus eng avj olgan mamlakatlardan biri. Oxirgi bir hafta ichida kunlik kasallanishlar soni mingtadan tushmayapti, jami bemorlar 20 mingdan oshdi. Vaholanki Qatarda 3 millionga yaqin aholi bor xolos.
Bu yerda shifokorlar ko‘rigi, tibbiy xizmat qimmat. Hozircha Qatardagi o‘zbeklarda bu kasallikka chalinganlar yo‘q.
Bizni bu yerdagi eng katta muammomiz – murojaat qiladigan elchixonamiz yo‘qligi. Charter reyslar masalasi bo‘yicha 1 oy oldin murojaatimizni boshlaganmiz. Agar uzoq vaqt oladigan bo‘lsa, bizda yashab turish uchun 15-20 kun kutadigan imkoniyatimiz yo‘q. Yashash joyimizni ham bo‘shatishga majbur bo‘lamiz.
Bu yerda yashash xarajatlari judayam qimmat: bir oylik xarajatlar $600-$700 atrofida bo‘ladi.
WhatsApp`da guruh ochganmiz, o‘zaro yordam so‘rab murojaatlar bo‘ladi. O‘zimizda muammo bo‘lgani sababli bir-birimizga yordam berishimiz ham qiyin bo‘lyapti.
Venera Abdurahmanova:
– Men vizam muddati tugagani sababli shu masalada Ummondan 11 mart kuni Qatarga kelganman. Kelgan kunimdanoq aeroportlarni 2 haftaga deb yopishdi. Karantin tugashi bilan ochilishi aytildi. Lekin 2 oydan beri karantindamiz.
7 oylik homilam bor. Shu sababli tashqariga chiqa olmayapman. Vizamni ham qila olganim yo‘q, chunki Qatarni bilmayman, odamlarni tanimayman. Hatto shifoxonalarga ham bora olmayapman.
Hozir bu yerda 2 oydan beri karantindaman, menga homilam sababli 1 oydan keyin ketish mumkin emasligini aytishdi. Agar mana shu oylarda uchib ketmasam, shu yerda tug‘ishga majburligim aytildi. Lekin bu yerda tug‘ish uchun hujjatlarning asli va 9 ming qatar riyoli ($2470 atrofida – tahr.) so‘rashdi.
Menda bu miqdorda pul to‘lash uchun imkonim yo‘q. Hozirda bir oilaning uyida yashayapman. Kuvaytdagi O‘zbekiston konsulligiga va Tashqi ishlar vazirligiga xat yozdim. Lekin hali ham javob olganim yo‘q.
Mendan tashqari boshqa ayollar ham bu yerda bor. Ular ham O‘zbekistonga ketishni xohlashadi. Ishdan ketganliklari sababli kvartiraga to‘lashga pullari qolmagan. Viza olishga pul to‘lashgan, lekin rad javobini olishdi.
Bu yerda 15 aprel kuni ko‘rikdan o‘tdim. Hozir UTT (UZI) qildirishga va qon topshirishga imkoniyatim yo‘q. Bizda 1-2 oygacha yashab turish uchun imkoniyatimiz yo‘q. Chunki hamma ishsiz qolgan.
Elyor Ergashev:
– Men Qatarga 5 oy oldin kelganman. Mehmonxonada ishlayman. Asosan bu yerga mehmonxonaga ishga kelishadi. Hozirda men ham ishsizman. Ishxonamda 60 foiz ishchilar ishdan bo‘shagan. Qolgan ishchilarni esa 50 foiz ish haqini kesib tashlashgan.
1 oy bo‘ldi, ishxonamdan ishni tugatishimni aytishdi. Sababini so‘raganimda, bizda mablag‘ yo‘q, oylik to‘lab berolmaymiz, deyishdi.
Ishdan chiqarib yuborgandan so‘ng, kompaniya o‘z hisobidan bilet olib berishi kerak. Lekin ular «charter reyslaringga biz javob bermaymiz, o‘zingning yoningdan bo‘lishi kerak» deyishdi. 385 riyol pulim qolgan, bu degani $100ga ham bormaydi. Bu 15 kunlik oziq-ovqatimga yetadi.
O‘zbekiston hukumatidan, muhtaram prezidentimizdan, tegishli mutasaddi tashkilotlardan charter reys qilib berishlarini so‘ragan bo‘lardim.
Qatarda taxminan 600dan oshiq o‘zbeklar bor. Biz ular bilan bog‘lanib turish uchun messenjerda guruh ochdik. Hozirda guruhimizda yuz nafarga yaqin o‘zbeklar bor, ularni ichida sharoiti judayam og‘irlar mavjud.
Shahzod Yo‘ldoshboyev (talaba):
– Biz O‘zbekistondan 7 nafar talabamiz. Olti talaba 1-kursda o‘qiydi, yana biri ikkinchi kursda. Hammamiz bitta yotoqxonada turamiz. 9 martdan keyin hamma universitetlar yopilgani sababli, darslarimiz onlayn tarzida o‘tilayotgan edi. 16 mart kuni bilet olib O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lganmiz. Chegaralar, aeroportlar yopilgani to‘g‘risida xabar keldi va shu bilan biz bu yerda qolib ketdik.
14 may kuni universitetimizda bahorgi semestr tugaydi va shu sababli yotoqxonani tark etishimizni so‘rashlari ehtimoli bor.
Hech qaysimiz ishlamaymiz. Faqat bir kishi ishlar edi. Hozir u ham ishsiz qolgan. Pulimiz yo‘q, lekin yotoqxonani o‘zidan bizga 2 mahal ovqat berib turishadi. Stipendiya esa bizga berilmaydi.
Ulug‘bek Hamrayev:
– Men Qatarga 2018 yilda kelganman. 3 oy oldin O‘zbekistonga borib kelgan edim. Kelganimdan keyin 15 martda ishimiz tugagan va oyliklar ham to‘xtagan. Zaxiradagi bor pul bilan kun kechirib yashab turgan edik. Kompaniyamiz tomonidan ozgina bosim bo‘lib, hammani majburiy ishdan jo‘natib yuboryapti.
10–15 kunlik mablag‘imiz qolgan, bizga hech qanday yordam berilmaydi. Bu yerda boshqa o‘zbeklar ham bor. Er-xotinlar, ayollar va ularning ahvoli yaxshi emas. Bir-birimizga qo‘ldan kelgancha yordam qilib turibmiz. Hukumatimizdan charter reysni iloji boricha tezroq qilib berishsa, yaxshi bo‘lishini so‘rab qolardik.
Yunusali Azimov:
– Qatarga 2019 yil ish masalasida kelganman. Mart oyida virus kirib kelgani sababli 15 mart kuni ishimiz to‘xtadi. Karantin sababli restoranlar yopilgan. 2 oydan beri ishsizmiz. Oylik olganimiz ham yo‘q.
O‘zbekiston hukumatidan tezroq charter reyslarini jo‘natishini iltimos qilib qolamiz. Ishxonamiz bir muddat yotoqxona va ovqat bilan ta'minlab turdi. Lekin borgan sari 1 mahalga tushib qoldi va sifati ham yaxshi emas. Qolgan oziq-ovqatlarni o‘zimiz yonimizdan olishga harakat qilyapmiz.
Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
23:01 / 06.11.2024
Qatar aholisi parlament saylovlaridan voz kechishga ovoz berdi
17:35 / 16.10.2024
“Bu yerda talabaning yangi bilimlarni o‘zi xohlab o‘rganishi birinchi o‘rinda turadi” - Nyu-York universitetining o‘zbekistonlik talabasi
09:10 / 03.10.2024
O‘zbekistonliklar Qatarga ishga yuboriladi
10:40 / 13.09.2024