O‘zbekiston | 15:36 / 12.05.2020
31072
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon va Surxondaryo ham koronavirusdan xoli hudud bo‘lishga yaqinlashmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi Andijon, Namangan va Surxondaryoda jami 8 nafar bemor koronavirusdan sog‘aygani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

12 may kuni Andijon viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus infeksiyasi bilan davolanayotgan bemorlardan yana 4 nafari butkul sog‘aydi.

Ularning 2 nafari erkak, 2 nafari ayol bo‘lib, 3 nafari Andijon shahridan, 1 nafari Oltinko‘l tumanidan.

Viloyatda jami 169 nafar bemor ushbu kasallikka chalingan bo‘lib, shu vaqtgacha ularning 162 nafari yoki 95 foizi butkul sog‘aydi. Hozirda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 7 nafar bemor davolanmoqda.

Surxondaryoda 2 nafar bemorga javob berilgan. Ularning 1 nafari (64 yoshli erkak) ushbu viloyatdan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Yana 1 nafari (43 yoshli erkak) Samarqand viloyatidan bo‘lib, uzoq masofaga qatnovchi avtomashina haydovchisi. U Rossiyadan Tojikiston orqali Surxondaryoga kirib kelgan va karantinga olingan, koronavirus infeksiyasi aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan.

Endilikda viloyatda sog‘ayganlar soni 38 nafarga yetdi. Shu paytgacha viloyatda koronavirus infeksiyasining aniqlanish holati 44tani tashkil etmoqda. Bugungi kunda ushbu hududda 6 nafar bemor davolanmoqda.

Namanganda ham 2 bemor sog‘aygan. Ularning ikkisi ham ushbu viloyatdan (54 yoshli erkak Namangan tumanidan, 72 yoshli erkak Namangan shahridan). Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan.

Endilikda viloyatda tuzalganlar soni 197 nafarni tashkil etmoqda. Shu paytgacha viloyatda koronavirus infeksiyasining aniqlanish holati 240tani tashkil etmoqda. Bugungi kunda ushbu hududda 39 nafar bemor davolanmoqda.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 1996 nafarga yetdi.

Mavzuga oid