Jahon | 07:45 / 13.05.2020
10660
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh kongressiga Xitoyga koronavirus sababli sanksiyalar qo‘llash haqidagi qonun loyihasi kiritildi

Respublikachi senator Lindsi Grem AQSh kongressiga Xitoyga nisbatan koronavirus bilan bog‘liq sansiyalar kiritish imkoniyati ko‘zda tutilgan qonun loyihasini kiritdi. 

Foto: Yuri Gripas / Reuters

Sanksiyalar Pekin hamkorlik qilishdan va koronavirus avj olishiga olib kelgan hodisalar haqida to‘liq hisobot berishdan bosh torsa qo‘llanishi mumkin. Bu haqda Grem matbuot xizmati xabar berdi.  

“Ishonchim komilki, agar Xitoy kommunistik partiyasi yolg‘oni bo‘lmaganda, bu yerda, AQShda virus bo‘lmas edi”, deb aytgan senator. “Xitoy tergov o‘tkazish uchun Uhandagi laboratoriyaga xalqaro ekspertlarni kiritishdan bosh tortmoqda. Ishonchim komilki, Xitoy majburlanmaguncha jiddiy tergov bilan hamkorlik qilmaydi. Bu qonun loyihasi bilan Xitoy hamkorlik qilmaguncha sanksiyalar kiritilaveradi”, deb qo‘shimcha qilgan Grem.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Oq uy ma'muriyati rahbari 60 kun ichida kongressga Xitoy AQSh, uning ittifoqdoshlari yoki BMT tuzilmalari olib borgan tadqiqotga to‘liq hisobot berganini tasdiqlashi lozim. Bundan tashqari, Grem Xitoydan virus hayvondan odamga o‘tishi mumkin bo‘lgan barcha dengiz mahsulotlari bozorlarini yopishni va Hongkongda pandemiya boshlangandan beri qo‘lga olingan namoyishchilarni ozod qilishni talab qilgan. “Bular tasdiqlanmasa, prezident aktivlarni muzlatish, mamlakatga kirishni taqiqlash, vizalarni bekor qilish, AQSh moliya institutlariga Xitoy korxonalariga kreditlar berish va ularni sug‘urtalashni taqiqlash, Xitoy kompaniyalariga o‘z qimmatbaho qog‘ozlarini AQSh birjalarida joylashtirishni taqiqlash kabi turli sanksiyalar kiritish huquqiga ega bo‘ladi”, deb ta'kidlab o‘tgan senator. 

Vashington Xitoyni virus kelib chiqishi va epidemiya ko‘lami haqidagi ma'lumotlarni yashirishda ayblab kelmoqda. O‘z navbatida, Xitoy koronavirus haqida hech qanday ma'lumotni yashirmaganini ta'kidlamoqda va “ba'zi siyosatchilarning virus bilan bog‘liq vaziyatdan Xitoyni yomonotliq qilish uchun foydalanayotganidan” afsuslanish bildirmoqda. 

Mavzuga oid